Jahon | 16:42 / 21.12.2016
12917
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiyani AQSh uchun tahdid deb hisoblamayapti

Foto: Google image

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiyani Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga rahna soluvchi asosiy tahdidlar ro‘yxatidan olib tashladi, deb yozmoqda Foreign Policy (FP) Tramp jamoasidagi manbasiga tayangan holda. 

Mazkur tahdidlar AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Brayan Makkeon tomonidan tayyorlangan tahliliy eslatmada qayd etilgan. Bu eslatma, saylangan prezidentning o‘tish jamoasi vakili Mira Rikardel tomonidan taqdim etilgan va Tramp muallifligidagi eslatma asosida tuzib chiqilgan. 

Nashrga ko‘ra, Tramp ma'muriyatining mudofaa siyosatidagi asosiy e'tibor qaratadigan jihatlari IShIDga qarshi kurash, Xitoy va KXDR harakatlarini doimiy nazorat qilish, AQSh Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish, ularni moliyalashtirishdagi cheklovlarni olib tashlash, kiberxurujlarga qarshi harakat qilish va Pentagonning yanada samaraliroq faoliyatini ta'minlashdan iborat bo‘ladi. 

Tramp ma'muriyatidagi manba Rossiyaning AQSh xavfsizligiga asosiy tahdidlar ro‘yxatida bor-yo‘qligini izohlamagan hamda tahliliy eslatma «yakuniy hujjat emasligini», balki to‘ldirilishini ta'kidlagan. 

Barak Obama bir necha marotaba, hatto, BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ham, Rossiyani IShIDdan so‘ng, AQSh uchun eng katta tahdid sifatida baholagan edi. 

 

Mavzuga oid

E`lonlar