Sport | 18:31 / 13.01.2017
17187
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan prinsiplariga qarshi bordi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan «Lokomotiv»ning 9 nafar futbolchisini yanvar oyidagi yig‘inga taklif qildi. Bu haqda «temiryo‘lchilar» matbuot xizmati xabar berdi.

Ular orasida hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov ham bor.

Ayni paytda «Lokomotiv» futbolchilari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishmoqda. Mazkur yig‘in 21 yanvarga qadar davom etadi. 

Jahon chempionati saralash o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 21-24 yanvar kunlari Dubayda qisqa muddatli yig‘in tashkil etadi. Yig‘in doirasida terma jamoa 22 yanvar kuni Daniya (U-23) terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. 

«Temiryo‘lchilar» safida terma jamoaga chaqiruv olgan futbolchilar - darvozabon Ignatiy Nesterov, himoyachilar Bobur Yo‘ldoshev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Shuhrat Muhammadiyev, yarim himoyachilar Sardor Mirzayev, Server Jyeparov, Sanjar Shoahmedov hamda hujumchilar Marat Bikmayev bilan Temurxo‘ja Abduxoliqov.

Bu futbolchilar Toshkentga «Lokomotiv» tarkibida emas, balki Daniya (U-23)ga qarshi nazorat bahsidan so‘ng terma jamoa bilan qaytishadi. 

Shuni aytish lozim, o‘tgan mavsum to‘purari Temurxo‘ja Abduxoliqov nihoyat ilk bor terma jamoa yig‘inida ishtirok etadi. Bundan tashqari, «temiryo‘lchilar» safiga yaqinda kelib qo‘shilgan himoyachi Shuhrat Muhammadiyev ham bosh jamoadan taklif olgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda Samvel Babayan jurnalistlarning Temurxo‘ja Abduxoliqov O‘zbekiston chempionati to‘purari bo‘lgani holda nega terma jamoa safida emasligi haqidagi savollariga u terma jamoa prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligi tufayli chaqiruv olmasligini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid