O‘zbekiston | 16:12 / 18.01.2017
33073
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan kuchli tumanlarga izoh berildi

O‘zbekiston fuqarolari so‘nggi kunlarda kuchli tuman sabab kechki, tonggi vaqtlarda va hattoki butun kun davomida ko‘rish imkonining yomonlashuviga duch kelishmoqda.

Podrobno.uz’ning O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga asosan xabar berishicha, bu respublika hududidagi sovuq antitsiklon periferiyasi bilan bog‘liq. O‘zbekistonda tumanli ob-havo yana bir necha kun davom etishi mumkin.

«Markaziy Osiyodagi tumanlar yilning asosan sovuq davrida – noyabr-aprel oylarida kuzatilib, dekabr-yanvar oylarida ayniqsa ko‘p takrorlanadi. Hududda bunday holat avvalgi yog‘ingarchilik tufayli nam holda turgan yer yuzasiga sovuq havoning asta-sekin to‘planishi sabab yuz beradi. Tumanlar asosan kechki, tonggi va ertalabki vaqtlarda kuzatiladi. Ular kunduz kuni, quyosh chiqqach hamda havo harorati bir qadar isigach, yo‘q bo‘lib ketadi», - deya aytib o‘tgan markaz mutaxassisi.

Tumanlar 3 soatgacha kuzatilishi mumkin. Ular ko‘rish imkonining pasayishi bilan kechadi, buning oqibatida avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya transporti uchun turli noqulayliklar kelib chiqadi. 12 soatdan ortiq davom etuvchi hamda meteorologik masofasi 50 metr va undan kam bo‘lgan tuman xavfli ob-havo hodisasi sifatida qabul qilinadi.

Biroq, tumanlar foydali jihatlarga ham ega. Ular yer yuzasini qamrab olib, o‘simliklarni yilning sovuq paytida muzlab qolishidan saqlaydi.

Mavzuga oid