18:38 / 20.01.2017
67333

Eng kuchli pasport yoki Kot-d’Ivuar va Gvineyalar orasida qolib ketgan O‘zbekiston

AQShning Arton Capital kompaniyasi tomonidan tayyorlangan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi pasportining bugungi kuchi dunyoning 54ta mamlakatiga vizasiz chiqish imkoniyatini berishga yetadi. U reytingda 70-o‘rinni band etdi.

Bu reytingda eng kuchli deb Germaniya pasporti tan olindi. U bilan jahonning 158 mamlakatiga bemalol sayohat qilish mumkin. Butun dunyoning eng kuchli 2ta pasportidan biri deb Shvetsiya va Singapur pasportlari e'tirof etildi. Bu mamlakatlar fuqarolari 157 davlatga hech qanday cheklovlarsiz borishadi. 

Pasportning kuchi bo‘yicha yangi reytingda kuchli uchlikni to‘ldirgan Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Ispaniya, Shveytsariya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va AQSh fuqarolari o‘zlari istagan paytda dunyoning 156 davlatiga hech bir qiyinchiliksiz tashrif buyurishlari mumkin.

Jahonning 148 mamlakatiga borishga izn berish bilan MDH davlatlari orasida Estoniya pasporti eng kuchlisi bo‘lib chiqdi. Rossiya o‘z pasportining bugungi qudrati bo‘yicha yangi reytingda jahonning 200ga yaqin davlati orasida 43-o‘rinni egallagan. Yangi tadqiqot natijalarida rossiyaliklar jahonning 103 davlatiga hech bir bosh og‘riqlarsiz safar qilishlari ma'lum bo‘ldi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa kuch-qudrat borasida Qozog‘istonning pasportiga yetadigani topilmadi. Qozog‘istonliklar viza mashmashalarisiz sayohat qilishlari mumkin bo‘lgan dunyo davlatlarining soni bugun 69taga yetgan. 

O‘zbekiston esa bu borada Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyin mintaqada uchinchi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi. Qirg‘iziston fuqarolari o‘z pasportlari bilan o‘zbekistonliklardan ko‘ra 4taga ko‘p davlatlarga safar qila olishlari ma'lum bo‘ldi. 

Qo‘shni Tojikiston yangi reytingda 70-o‘rinni bo‘lishib, pasportning bugungi kuchi bo‘yicha O‘zbekiston, Kot-d’Ivuar va Gvineya bilan bir xil natija qayd etdi. 

O‘zbekiston kabi chiqish vizasi amalda bo‘lgan dunyoning bor-yo‘g‘i ikkita davlatidan bittasi sanaluvchi Shimoliy Koreya esa bu ro‘yxatda 88-o‘rinni egallagan. Shimoliy koreyaliklar bugun jahonning atigi 39 davlatiga chiqa olishlari ma'lum bo‘ldi.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, bironta MDH davlati pasportining qudratlilik bobida yuqori o‘ntalikka kira olmaslik barobarida, quyi o‘nlikka ham tushmagan.

Mutaxassislar O‘zbekistonda chiqish vizasi bekor qilinsa, buning ham davlat, ham insonlarga foydasi bo‘lishini ta'kidlashdi. 

Fuqarolarga dunyoning 23tagina davlatiga chiqishga izn berish bilan esa qo‘shni Afg‘oniston pasporti jahondagi eng kuchsiz bo‘lib chiqdi. 

Pasport kuchi reytingi Xalqaro havo transporti agentligi (IATA) va boshqa manbalar ma'lumotlari asosida tayyorlandi. Pasport kuchi deganda pasport egasining dunyoning qancha mamlakatiga vizasiz kira olishi nazarda tutiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) bekor qilinishi kutilayotgani haqida xabar bergandik.

Top