Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) bekor qilinishi kutilmoqda
O‘zbekistonda pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bu ayni paytda muhokama qilinayotgan Prezidentning mamlakatni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha harakatlar Strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni loyihasida belgilab qo‘yilgan. Taxminlarga ko‘ra, tegishli organlar bu masala bo‘yicha takliflarni joriy yilning uchinchi choragida tayyorlashadi.
Loyihada ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, alohida asoslar bo‘yicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibi ham kiritiladi.
Hujjatda ma'lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, chegara nazorati organlariga yo‘lovchilar xaqida dastlabki ma'lumotlarni taqdim etish amaliyotini, avtomatlashtirilgan pasport nazorati kabinasini, chegarani kesib o‘tayotganlarni qidiruvda bo‘lgan shaxslar fotobazasi bilan solishtirish tizimini joriy etgan holda aeroport va temir yo‘l vokzallarida pasport nazorati tizimini soddalashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimini amaliyotga tadbiq etish ham ko‘zda tutilgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur choralarni amalga oshirish xorijga chiquvchi fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, chegara nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, shuningdek turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar Strategiyasi to‘g‘risidagi farmon loyihasi muhokamasida barcha istovchilar qatnashishi mumkin.
Mavzuga oid
20:27 / 14.01.2026
AQSh 75 mamlakat fuqarolari uchun viza berishni to‘xtatadi
18:09 / 07.01.2026
Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham AQSh vizasi uchun 15 ming dollargacha garov to‘laydi
12:44 / 07.01.2026
O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish davlatlari soni oshiriladi
13:16 / 06.01.2026