10:20 / 25.01.2017
30920

Yosh musulmon nogironlik aravachasidan voz kechib Ka'bani qo‘llarida tavof etdi

Qatarlik 15 yoshli G‘anim al-Muftah kam uchraydigan kasallikka chalingan. Ilk marotaba Umra ziyoratiga kelgan G‘anim Ka'bani tavof qilish chog‘ida nogironlik aravachasidan voz kechdi va buni qo‘llari bilan ado etdi. Uning bu niyatini amalga oshirishiga Turizm va milliy meros bo‘yicha Saudiya komissiyasi boshqaruvi raisi shahzoda Sulton bin Salmonning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. 
    
“Alloh duolarimni qabul qildi. Men qo‘llarim bilan Umrani ado etish va Ka'bani tavof qilish baxtiga muyassar bo‘ldim”, dedi G‘anim al-Muftah. U shahzodaning ko‘rsatgan bu yordami va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi. 
    
Bolakay kaundal regressiya sindromiga chalingan. Bu sindrom umurtqaning qo‘yi bo‘limi rivojlanishini to‘xtatadi. Biroq G‘anim nogironlikni katta to‘siq deb bilmaydi. Hozirda u mamlakatdagi eng yosh tadbirkordir. Uning 6 ta filialli muzqaymoqlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bor. Shuningdek, u suzish, ot sporti, dayving va alpinizm bilan ham muntazam shug‘ullanadi. Kelgusida u Paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etmoqchi.

 

Mavzuga oid
Top