Iqtisodiyot | 16:53 / 01.02.2017
3803
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen AQSh da'volariga 1,26 mlrd dollar sarflashga rozilik bildirdi

Germaniyaning AQSh ekologiya me'yorlarini buzganlikda ayblanayotgan Volkswagen avtokonserni o‘z avtomobillarining konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritish yoki ularni xarid qilishga kamida 1,26 mlrd dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Amerika hukumatining nemis kompaniyasiga da'volarini hal qilish bo‘yicha AQSh sudiga taqdim qilingan hujjatlardagi raqamlar shunday deyishga asos bo‘ladi. 

Agar sud avtogigantning taklifini tasdiqlasa, u 20 ming avtomobilni xarid qiladi va yana 60 ming avtomobilning ehtiyot qismini almashtiradi. Mabodo, sud qarori Volkswagen zarariga chiqarilsa, u ekologik me'yorlarga mos kelmaydigan barcha avtomobillarni qaytarib sotib olishi talab etiladi. Bunda uning xarajati 4 mlrd dollarga yetishi mumkin. 

Kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, uning 3 litrli dizel motorli avtomobillarini qayta jihozlash 7 mingdan 16 ming AQSh dollarigacha aylanadi. Agar avtomobil egasi Volkswagen mashinasini qaytarishni xohlasa, avtomobilning bozor narxiga 7,5 ming miqdorida tovon puli ham to‘lanadi. 

Bundan tashqari, Volkswagen zavodlariga ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi Germaniyaning Robert Bosch kompaniyasi Amerika avtomobil egalariga 327,5 mln dollar tovon puli to‘lashga rozilik bildirgan. Avvalroq, Volkswagen 2 litrli avtomobillarini xarid qilganlarning da'volariga barham berish maqsadida 10,03 mlrd dollar sarflashga rozi bo‘lgani haqida xabar qilingan edi. 

Volkswagen kompaniyasi, uning mashinalarida dizelli avtomobillaridan chiqayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirib ko‘rsatadigan maxfiy dastur aniqlanganidan so‘ng, mojaro markazida qoldi. Qog‘ozda avtomobillar AQSh ekologiya me'yorlariga mos kelsa-da, aslida havoni ifloslantirish darajasi belgilangan me'yordan 30-40 marta yuqori bo‘lgan.

Mavzuga oid