O‘zbekiston | 21:27 / 05.02.2017
50856
3 daqiqa o‘qiladi

Haj 2017: O‘zbekiston hojilariga qanday sharoitlar yaratib beriladi?

O‘zbekistonlik hojilar haj ziyorati, haj ibodatini yanada chiroyli ado etishlari uchun yildan yilga takomillashgan va yaxshilangan xizmat ko‘rsatishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. 

Joriy yil Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vaziri doktor Solih Bentinning taklifiga asosan O‘zbekiston haj delegatsiyasi 18 yanvardan 25 yanvargacha Saudiya Arabistonida bo‘lib, saudiyalik vazir bilan uchrashdi. Keyingi uchrashuvlar Haj vazirligining Makka, Jidda va Madinai munavvaradagi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlarda qator hujjat va bitimlar imzolandi. 

“Bu bitimlardan kelib chiqib shuni ta'kidlash mumkinki, kelayotgan haj mavsumi oldingi yillarga nisbatan yanada chiroyliroq, yangi sifat darajasiga ega bo‘ladi. O‘tgan yili o‘zbekistonlik hojilar Makkai mukarramadagi "Abroji Hidoya" mehmonxonasida to‘xtashgan edi. Bu yil ham shu mehmonxona tanlanyapti. Ushbu mehmonxona o‘tgan yili qurib, foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unda o‘zbekistonlik hojilar birinchilardan bo‘lib to‘xtashgan edi. 2017 yil kelayotgan haj mavsumida hojilarimiz yana ushbu mehmonxonaga borib tushishadi. O‘tgan yili hojilarimizning adadi (kvota) 5200 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 7200 kishiga ko‘paytirildi”, deb ma'lum qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov.

Ushbu holatdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekistonlik hojilar o‘z ziyoratlarini to‘laqonli bajarishlari uchun, Makkadan Madinaga, Makkadan Mino va Muzdalifaga hamda Makkadan Jiddaga qaytish uchun eng zamonaviy transport vositalari ajratilishi bo‘yicha bitim imzolandi.

“Yana shuni aytib o‘tish kerak-ki, Haj vaziri doktor Solih Bentin, Turkiya va Sharqiy Yevropa hojilariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasa rahbari Toriq Anqoviy, Transport uyushmasi rahbari general Ahmad Sinbava va Madinadagi mas'ullar O‘zbekiston haj delegatsiyasiga, O‘zbekiston hojilarining ishchi guruhiga o‘zlarining katta minnatdorchiliklarini izhor qilishdi”, deydi Jaloliddin Nuriddinov.

Xurshid Daliyev suhbatlashdi

Mavzuga oid