Jahon | 12:33 / 06.02.2017
7107
2 daqiqa o‘qiladi

OAV Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lishga asosiy nomzodni ma'lum qildi

Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Anatoliy Antonov Rossiyaning AQShdagi elchisi vazifasiga eng munosib nomzoddir. Rossiya davlat tuzilmalaridagi to‘rtta manba shunday fikr bildirdi, deb yozmoqda «Kommersant'» gazetasi.

Manbaning aytishicha, Mudofaa vazirligida xalqaro munosabatlar masalalariga mas'ul bo‘lgan hamda TIVga o‘tgach, harbiy-siyosiy masalalar bilan shug‘ullanib kelayotgan Antonov yaqin oylarda elchi sifatida Vashingtonga yo‘l olishi mumkin. U bu lavozimda 2008 yildan buyon Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lib kelayotgan Sergey Kislyakni almashtiradi. 

Kreml ma'muriyati «G‘arbga nisbatan keskin qarashga ega» Antonovni Rossiyaning AQShdagi elchisi sifatida tayinlash bo‘yicha 2016 yil kuzida qaror qilgan, deb yozadi gazeta. Moskva AQSh prezidentligi uchun saylovda Hillari Klinton g‘alaba qozonishi ehtimolidan kelib chiqib, Antonov nomzodida to‘xtagan. Garchi saylovda Donald Tramp g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Antonov «Vashingtondagi vazifani egallash borasida ulkan imkoniyatlarga ega», deyishgan manbalar. 

Ulardan biri, bu lavozimga boshqa nomzodlar ham muhkoama qilinayotganini ma'lum qilgan. 

Shu bilan birga, Antonov atrofidagi manba, uning elchi bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarni «to‘g‘ri emas» deb baholagan.

Gazeta suhbatdoshlari, shuningdek, Tramp ham AQShdagi elchisi borasida aniq to‘xtamga kelmaganini aytishgan.

Mavzuga oid