Jamiyat | 18:28 / 06.02.2017
31202
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mudhish qotillik: aka o‘z ukasini sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi

Ming afsuski, noqobil farzand, nafaqat ota-onaga, balki kishining yetti pushtiga yetgulik isnod keltirishi ham hech gap emas ekan. Najmiddin Ernazar aka va Mohiya xolaning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, yoshi qirqdan oshgan. Biroq ilgari sudlangan bu kimsa oilaviy hayotini ham tuzuk yo‘lga qo‘ya olmadi. Uch nafar farzandi bo‘lsa-da, oilasi bilan ajrashdi, tayinli ishning boshini tutmadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘sha kuni u Xurshid bilan arzimagan narsa ustida janjallashdi. Kattaqo‘rg‘on tumani, Mullakichkina qishlog‘ida Najmiddining hali qurib bitkazilmagan yer uchastkasi bor edi. U yerdan qo‘ylarga pichan o‘rib qaytgan Najmiddin yo‘l-yo‘lakay aroq ichib olishga ham ulgurdi. Uyiga kelgach, ovqatlanayotgan ota-onasining yoniga o‘tirdi. Hovlida yurgan ukasi Xurshid akasining ahvolini ko‘rib, ijirg‘andi va tanbeh berdi. Kayfi taroq Najmiddin Xurshidning gapini ko‘tara olmadi. Otasining hay-haylashiga qaramasdan, aka-uka bir-birina bo‘g‘a boshladi. Ularni bir amallab ajratgan ota goh katta o‘g‘lini, goh kichigini bir gapdan qolishga undadi. Jiqqa musht bo‘layotgan aka-ukalarga bu gaplar ta'sir etmadi.

Shunday bo‘lsa-da, ota ularni zo‘rg‘a ajratib qo‘ydi. Janjaldan biroz vaqt o‘tgach, tun yarmidan og‘ib, hovliga sukunat cho‘kdi. Biroq ko‘ngilga cho‘kkan g‘azab, nafrat akaga ham, ukaga ham tinchlik bermadi. Onasining tor qorniga siqqan aka ukasi bilan nafaqat bir hovliga, balki keng dunyoga sig‘madi. Xullas, ota-onani g‘aflatda qoldirib, Najmiddin bilan Xurshid yana mushtlashishdi. Bu safar ichidan toshgan nafratini jilovlay olmagan Najmiddin ukasini holdan toyguncha urib, kamiga sim bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirdi. Keyin esa o‘z jigarining jasadini sovuqqonlik bilan olib borib, uchastkasiga ko‘mib keldi.

Ertasi kuni kim Xurshidni so‘rasa, “Uni kimlardir olib ketdi”, deya yolg‘on to‘qiy boshladi. Ota-onasini esa “Agar Xurshidni so‘rayversak, bizni ham o‘ldirib ketisharmish”, deya avradi. Uyida singillariga ham ukasini qidirmaslikni tayinlayverdi. Bu yerda bir gap borligini sezgan oila a'zolari IIBga xabar berishdi, Najmiddinning mudhish qotilligi oshkor bo‘ldi.

Gazetaning yozishicha, Najmiddin Eshmirzayevga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid