18:52 / 23.02.2017
20780

Islom dini giyohvandlik borasida nima deydi?

Inson Allohga mahbub banda bo‘lish yo‘lida sihat-salomatligiga katta ahamiyat berishi va salomatligini barcha zararli narsalardan, xususan kashandalik, giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi illatlardan, tom ma'noda, inson hayoti uchun balo bo‘lgan bu ishlardan  o‘zini saqlamog‘i vojibdir. Barchamizga ma'lumki, Islom dini insonning besh narsasini o‘z himoyasiga olgan. Bu besh narsa – insonning joni, moli, obro‘si, dini va aqli bo‘lib, bular aslida inson uchun ato qilingan ulug‘ ne'matlardir. Inson o‘zidagi va hatto o‘zgalardagi mazkur narsalarni muhofaza qilishi, Allohga mahbub banda bo‘lishiga dalildir. Qasddan yoki beparvolik bilan bularning birortasiga tajovuz  qilish insonning butun borlig‘iga tajovuz qilishga tenglashtirilgan. Alloh taolo Niso surasida:

ولا تقتلوا أنفسكم إن الله كان بكم رحيما

Ya'ni “O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! albattta Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” deydi.

Asr vabosi deb nom olgan ichkilikbozlik va giyohvandlik, ya'ni narkotik moddalarni iste'mol qilish, o‘zini  tom ma'noda halokatga uloqtirish ekani hech kimga sir emas. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bir hadisi shariflarida:

اجتنبوا الخمر فإنها مفتاح كل شر

 “Xamrdan saqlaninglar, chunki u barcha yomonliklarning kalitidir”, - deganlar. Hadisdagi xamrdan murod  insonning aqlini oladigan barcha narsalardir. U xoh quruq shaklda bo‘lsin, xoh ho‘l, ya'ni ichimlik  shaklida bo‘lsin, buning farqi yo‘q. Darhaqiqat giyohvand moddalarni  va mast qiluvchi ichimliklarni iste'mol qilgan  kishining, avvalo aqlining bir qismi ketadi va  natijada, undan hayo ketadi, hayo ketadigan bo‘lsa, barcha yomonliklarga keng yo‘l ochiladi. Bugun  hayotimizda, jamiyatimizda sodir bo‘layotgan jinoyatlarning aksari giyohvandlik va ichkilikbozlik ortidan sodir bo‘layotgani hech kimga sir emas. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarga bu illatlarning iste'molini butkul harom qildi.

Mo'ida surasida:

ياأيها الذين آمنوا إنما الخمر والميسر والأنصاب والأزلام رجس من عمل الشيطان فاجتنبوه لعلكم تفلحون

إنما يريد الشيطان أن يوقع بينكم العداوة والبغضاء في الخمر والميسر ويصدكم عن ذكر الله وعن الصلاة فهل أنتم منتهون

“Ey iymon keltirganlar! Albatta xamr, qimor, butlar va fol ochadigan cho‘plar shaytonning ishidan bo‘lgan ifloslikdir. Bas, undan saqlaningiz, shoyadki, najot topsangiz. Albatta shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydi. Endi to‘xtarsizlar?!” – dedi.

Alloh taolo ushbu oyat bilan mazkur ishlarning barchasini harom qildi. Oralarimizda jinoyat va adovatlarning paydo bo‘lish sababini hamda yaxshiliklar, xususan, Allohning zikri va namozdan to‘silishimiz sababi ham ayni shular ekanini ma'lum qilib, endi to‘xtarsizlar, dedi. Ha, azizlar, dunyo va oxiratda najot topay degan  kishi Alloh harom qilgan ishlardan to‘xtamog‘i kerak. Bugungi kunda giyohvandlik va ichkilikbozlik jon, jism va aql ne'matlarining zavoliga sabab bo‘lmoqda. Shunga qaramay, ko‘paysa ko‘payyaptiki, lekin kamaymayapti. Erkagu ayol, yoshu-qari, talabalar va hatto maktab bolalari orasida ham bu og‘uni iste'mol qiluvchilarning topilayotgani, tom ma'noda, jamiyatimiz boshiga kelgan balodir. Ha, hech qanday mubolag‘asiz, aynan shunday, balo bo‘lganda ham eng katta balodir. Jamiyatda parokandalikni paydo qiladigan, hatto oilalarda otani boladan, bolani otadan ayro qiladigan bu ifloslikni boshqacha atab bo‘lmasa kerak. Hatto guldek baxtli yashab turgan oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘layotgani barchamizga kundek ravshan. Nasha chekib yoki aroq ichib kelib, xotini, bolalarini urgan, hatto otasiga qo‘l ko‘targanlarni eshitib: “Yo Alloh, o‘zing saqla!” - deb yuboramiz. Shunday holatlarni eshitganimizda, Alloh bejizga bu ishlarni harom qilmagan ekan deymiz. Bizlarga bularni harom qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!

Bu ishlarning paydo bo‘lishi va ommalashishi bir sababga borib taqaladi.  Alloh va rasulining amriga yurmaslik, qiyomat va oxirat savol-javobidan qo‘rqmaslikdir.

Rivoyatda keladi: Qaysi bir jamoa bu dunyoda mast qiluvchi narsa ustida jam bo‘lsalar, Alloh ularni do‘zaxda jamlaydi. Shunda ular bir-birlarini malomat qila boshlaydilar. Biri boshqasiga: “Ey falonchi, Alloh seni jazolasin, bu joyga tushishimga sen sababchisan”, - deydi, ikkinchisi ham uning o‘ziga xuddi shu gapni aytadi. Demak, bu ishlarga  odatlanganlarning borar joyi ham tayin. Odatda bu ishlarga mubtalo bo‘lishlikda boshqa bir kishi sabab bo‘ladi. Ko‘pincha yomon do‘st-ulfatlar o‘z tengqurlarini shu ishlarga da'vat qilishadi. Ota-onalar bu borada yana ham hushyor bo‘lib, farzandlari kim bilan do‘st bo‘lganiga e'tibor qaratsalar, xulqi buzuqlar bilan do‘st bo‘lishdan saqlab qolsalar, inshoalloh, farzandlarini bu borada saqlagan bo‘ladilar. Yomon do‘stning zarari haqida Sa'diy shunday deydilar:

                                             To tavoni megirez az yori bad,

                                             Yori bad badtar buvad az mori bad.

                                             Mori bad tanho turo bar jon zanad,

                                             Yori bad bar jon ba'd iymon zanad.

Bu baytning umumiy ma'nosi: “Yomon do‘stdan ehtiyot bo‘lgin, zero yomon do‘st zaharli ilondan ham yomonroqdir. Zaharli ilon sening joningga uradi, ya'ni chaqsa, joning og‘riydi. Yomon do‘st esa joningga ham iymoningga uradi. Ya'ni yomon kishi ham joningni ham iymoningni oladi”.

Ba'zi kishilar oz-oz iste'mol qilsa, mast bo‘lib qolmaydi yoki davo uchun iste'mol qilsa bo‘ladi deyishadi. Vaholanki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

ما أسكر كثيره فقليله حرام

Ko‘p miqdori mast qiladigan narsaning ozi ham haromdir”, - dedilar.

 Yana Ummu Salama aytadilar: “Qizim betob bo‘lib qoldi. Bir idishga xurmo solib qaynatayotgan edim. Payg‘ambar alayhissalom keldilar va “Nima qilayapsan?” – dedilar.  Men “Qizim betob bo‘lib qoldi, buni unga tayyorlayotgan edim”, - dedim. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh harom narsani davo qilmagan”, - dedilar. Yana bir  so‘zlarida: “U davo emas, balki zarardur”, - deganlar.

Chekish-ichishga odatlanganlar o‘z kayfu-safosi yo‘lida hisobsiz mol-mulkini zoye qiladi, bu isrofdir. Oilasini xarob qiladi, faqirlikni keltiradi, ishlamasdan jamiyatga zarar keltiradi, taraqqiyotdan ortda qoladi, nogiron zurriyotlar qoldiradi, kasalliklar orttiradi, oxiri shu holatda o‘lim topadi. Eng dahshatlisi, bu azoblar oxiratda davom etadi. Oxiratdagisi esa og‘ir va alamli bo‘ladi. Bu og‘u bilan  tijorat qilayotganlar, insonlarning joni bilan tijorat qilayotgan hisoblanib, ular bu balo sabab  o‘lganlarga nisbatan qotildirlar. Tijorat qilib topgan pullari esa xayrli ishlarga  sarflashga yaramaydi.

Alloh taolo barchamizni, xususan yosh avlod bo‘lgan aziz farzandlarimizni  barcha salbiy illatlardan o‘z panohida asrasin. Omin!

“Usmon bin Maz'un”
jome masjidi imom xatibi
O‘tkir Hakimov

Top