O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida xalqaro miqyosdagi turizm maskanini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini tasdiqladi.
Bu tumanda Moynaq City Center savdo-turizm majmuasi tashkil qilinadi. Bu loyiha doirasida mehmonxona, “Kitoblar dunyosi”, sovg‘alar kioski, fitness-markazi, go‘zallik saloni, optika, internet kafe bo‘ladi.
Sayyohlarga Orol dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab kvadrosiklda uchish, Orol dengizi unikal minerallariga to‘yingan balchiq bilan davolash, Orolning sertuz davolash vannalarini qabul qilish kabi xizmatlar taklif etiladi.
Xalqaro turistik hamjamiyat e'tiborini jalb qilish maqsadida "Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi" mavzuida har yili xalqaro Ekofestival, "Orol dengizi baliqlaridan 99 turdagi taomlar" nomli Gastronomik festival o‘tkaziladi hamda qoraqalpoq xalq shoirlari Berdax va Ajiniyazga bag‘ishlangan Xalqaro musiqiy-she'riy festivallar tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an'analari, urf-odatlari haqida videoroliklar tayyorlash uchun "Moya Planeta", National Geographic, Animal Planet, Viasat Explore kabi yetakchi telekanallar taklif etiladi.
Zarur infratuzilmani rivojlantirish ishlari ham e'tiborga olingan. Mahalliy O‘lkashunoslik muzeyi qayta rekonstruksiya qilinadi va dengiz haqidagi tarixiy fotosuratlar va videoyozuvlarni namoyish qiluvchi zamonaviy 3D texnologiyalar bilan jihozlanadi.
Qurib borayotgan Orol dengizi ramzi sifatida uning qirg‘og‘ida Mo‘ynoq mayog‘i va unga yondosh holda "dengiz to‘lqini shovqini" musiqasi foni bilan kuy taratuvchi kafe-restoran quriladi.
Orol dengizining qurib qolgan hududidagi 11 kema qayta tiklanadi va ularga qiziqish yuqori bo‘lgan sayyohlar keluvchi mamlakatlar nomi beriladi.
Hunarmandlik faoliyatini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, Orol mavzusi va dengizni tasvirlovchi suvenirlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, qoraqalpoq va Mo‘ynoq an'analari timsoli tushirilgan gilam to‘qish bo‘yicha hunarmandlik sexi tashkil etiladi.








