Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident Mo‘ynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarorini imzoladi
Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qarorga asosan Mo‘ynoq tumani geografik joylashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, tabiiy iqlim sharoiti va resurslari hamda aholining talablarini hisobga olgan holda, tumanda 2017-2018 yillarda umumiy qiymati 52,3 mlrd. so‘m, jumladan 990 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan 72ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1343ta yangi ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan. Jumladan:
- Sanoat yo‘nalishida 28ta loyiha (30,2 mlrd.so‘m, 990 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya) bo‘yicha 958ta yangi ish o‘rni;
- Xizmat ko‘rsatish, servis va turizm yo‘nalishida 28ta loyiha (17,2 mlrd.so‘m miqdorida investitsiya) bo‘yicha 282ta yangi ish o‘rni;
- qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida 16ta loyiha (4,9 mlrd.so‘m miqdorida investitsiya) bo‘yicha 103ta yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, tumanga investorlarni kengroq jalb qilish va tadbirkorlarga yangicha yondashuv asosida qulayliklar yaratish maqsadida:
- Mo‘ynoq tumanidagi sobiq “Mo‘ynoq baliq konserva kombinati” hududida 16 gektar va sobiq 5-qurilish boshqarmasi hududida 4,5 gektar, jami 20,5 gektar maydonda elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, suv hisoblagichlari, suv quvurlari, tayyor trikotaj, tikuvchilik va boshqa zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasini barpo etish;
- “Mo‘ynoq” kichik sanoat zonasida yangi tashkil etiladigan va uning maydonida sanoat sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub'yektlari barcha turdagi soliqlardan;
- tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat'iy belgilangan soliqdan;
- tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan ta'sischilarga to‘lanadigan dividendlar tazidagi daromadlar soliqdan 10 yil muddatga ozod qilinishi belgilandi.
Shu bilan birga, mazkur hujjatda Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida kreditlar ajratish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq Mo‘ynoq tumanidagi davlat mulki bo‘lgan 12ta bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida salohiyatli investorlarga «nol» xarid qiymatida hamda foydalanilmayotgan boshqa davlat obektlari «nol» qiymatda ijaraga ham berilishi belgilandi.
Mo‘ynoqda turizmni rivojlantirish yo‘nalishlariga asos solindi. Xususan, tuman markazida Moynaq City Center savdo-turizm kopleksini tashkil qilinishi va bu loyiha bo‘yicha “Mehmonxona”, “Kitoblar dunyosi”, “Sovg‘alar kioski”, “Fitness-markazi”, “Go‘zallik saloni”, “Optika”, “Internet kafe” tashkil qilinadi. Bundan tashqari, unda “Orol dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab kvadrasiklda uchish”, “Orol dengizi unikal minerallariga to‘yingan balchiq (gryaz) bilan davolash”, “Orolning sertuzli davolash vannalarini qabul qilish” kabi turistik xizmatlar ko‘rsatuvchi “Turizm Markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ahamiyatli tomoni shundaki, qarorda Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi tarixi va bugungi kunini dunyo miqyosidagi muhim ahamiyatini e'tiborga olib, Mo‘ynoqni O‘zbekistonning turizm markazlaridan biriga aylantirish maqsadida YuNeSKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning grant va donor mablag‘larini jalb qilgan holda bir qator tadbirlarni, jumladan
- “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” mavzusida har yili xalqaro Ekofestival o‘tkazish;
- “O‘lkashunoslik” muzeyini qayta rekonstruksiya qilish va shu orqali dengiz haqidagi tarixiy fotolar va videoyozuvlarni namoyish qiluvchi zamonaviy 3-D texnologiyalar bilan jihozlash;
- qurib borayotgan Orol dengizi ramzi sifatida uning qirg‘og‘ida Mo‘ynoq mayog‘ini qurish va uning yondash holda “dengiz to‘lqini shovqini” musiqasi foni bilan kuy tartuvchi kafe-restorani qurilishi;
“Orol dengizi baliqlaridan 99 turdagi taomlar” nomli Gastronomik festival o‘tkazish;
Qoraqalpoq xalq shoirlari Berdaq va Ajiniyozga bag‘ishlangan Xalqaro musiqiy-she'riy Festivallarini tashkil qilish;
Orol dengizining qurib qolgan hududidagi 11ta kemaning qayta tiklash va ularga qiziqish yuqori bo‘lgan turistlar keluvchi mamlakatlar nomini berish;
Orol dengizining qurib qolgan chegarasini belgilarini tiklash va bu joylarda dengizning eski xaritasi tushirilgan katta masshtabli bilbordlarga joylashtirish;
“Suvni tejash texnologiyalari”, “Suvni muhofaza qilish tadbirlari”, “Dengiz va daryo havzalarini bioekologiyasini saqlash va himoya qilish” va boshqa mavzularida konferensiyalar o‘tkazish;
Orol mavzusi va dengizni tasvirlovchi suvenirlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
Qoraqalpoq va Mo‘ynoq an'analari timsoli tushirilgan gilam to‘qish bo‘yicha hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
Mo‘ynoqning to‘qimachilik mahsulotlari va suvenirlarini sotish bo‘yicha Nukus, Urganch, Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda savdo rastalari tashkil etish;
Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi turizm salohiyatini namoyish etishga doir yirik masshtabli bannerlar tayyorlash hamda Nukus, Urganch, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida bepul joylashtirish;
Mo‘ynoq va Orol dengizi tarixi, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an'analari, urf-odatlari, Berdaq va Ajiniyoz kabi qoraqalpoq xalq shoirlari va allomalari haqida hujjatli va badiiy filmlar hamda roliklar yaratish, ularni milliy televideniye orqali namoyish etib borish.
Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi hududiga turistlarni kengroq jalb qilish imkoniyatlari, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an'analari, urf-odatlari haqida videoroliklar tayyorlash uchun “Moya Planeta”, National Geographic, Animal Planet, Viasat Explore kabi yetakchi telekanallarni taklif etish.
Turistlar oqimi kamaygan mavsumlarda Respublika miqyosida Oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va yirik tashkilotlar xodimlarini tashkillashtirilgan holda Mo‘ynoq tumani hududiga sayohatlarini amalga oshirish.
Mo‘ynoq tumani hududini yanada obodonlashtirish, ko‘p qavatli uylarning tom, fasad qismlari, pod'yezd va yo‘laklarini ta'mirlash va o‘rindiqlar o‘rnatish, bolalar maydonchalari (o‘yingohlari) tashkil qilish hamda atrofini tartibga keltirish kabi tadbirlarni amalga oshirish ham mo‘ljallangan.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
10:48 / 12.02.2026