15:56 / 15.03.2017
5510

Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollarda qurilish ishlarini davom ettirmoqda

Kosmosdan olingan suratlar shundan dalolat bermoqdaki, XXR hukumati Janubiy Xitoy dengizi hududidagi bahsli Parasel orollari hududida qurilish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatdi.

Planet Labs xususiy kompaniyasi sun'iy yo‘ldoshi tomonidan olingan suratlarda ishchilar hududda tozalash ishlari olib borayotgani va 7ta oroldan iborat guruhdan biri Shimoliy orolda bandargoh qurishga tayyorlanayotgani ko‘rinadi. Bu hududda ishlar o‘tgan yili to‘fon tufayli to‘xtab qolgandi.

Agentlikning qayd etishicha, yanvar oyida arxipelagning boshqa orollarida ham qurilish ishlari boshlanganini payqashgandi.

Linnan universiteti mutaxassisi Chjan Baoxueyning fikricha, Parasel orollaridagi obektlar Pekinga Janubiy Xitoy dengizi hududidagi pozitsiyalarini mustahkamlash imkonini beradi. Bu obe'ktlar Spratli orollaridagidan ko‘ra muhimroq hisoblanadi. Shu bilan birga bu qurilish ishlari hududdagi boshqa mamlakatlar tomonidan yomon qarshi olinmoqda.

Xitoy Mudofaa vazirligi vakili esa orollarda qurilish ishlari olib borilayotgani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirib o‘tgan.

Pekin bir necha o‘n yildan buyon hududning ba'zi mamlakatlari bilan Janubiy Xitoy dengizidagi bir qator orollarning hududiy daxldorligi yuzasidan bahs yuritib kelmoqda. Gap, birinchi navbatda, Sisha arxipelagi (Parasel orollari), Nansha orollari (Spratli) va Xuan'yan (Skarboro marjon qoyalari) haqida bormoqda.

Bahsga u yoki bu darajada Vetnam, Bruney, Malayziya va Filippin ham aralashgan. 2013 yilning oxiridan buyon Pekin Janubiy Xitoy dengizida sun'iy orollarni yaratish, shuningdek, ushbu hududlarni kengaytirish va o‘zlashtirish yuzasidan yirik ko‘lamli gidrotexnik va qurilish ishlarini olib bormoqda.

Ba'zi ekspertlarning baholashicha, Pekin bu kabi harakatlar orqali hudud ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga intilmoqda.

Top