O‘zbekiston terma jamoasi JCh saralash bosqichi doirasida Suriyadan mag‘lubiyatga uchragach, terma jamoa, bosh murabbiy va o‘yin borasida turli maqolalar chop etildi. Tribuna.Uz internet-nashrida ham shunday maqolalardan biri e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolani to‘lig‘icha e'tiboringizga havola qilamiz.

Terma jamoamiz ko‘p marta qovun tushirgan. Har birimiz uni istagancha tanqid qilganmiz, so‘kkanmiz, qaytib uning o‘yinlarini ko‘rmaslikka qasamlar ichganmiz. Lekin qarindosh singari terma jamoa ham tanlanmaydi shekilli. Uni qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilishga majbursan. Ya'ni xohlaysanmi xohlamaysanmi, maqtaysanmi so‘kasanmi baribir, o‘yin boshlanganda sekin televizor qarshisiga cho‘kasan. Chunki O‘zbekiston o‘ynayapti! Vatan bu axir! Uning darvozasiga kiritilgan bitta to‘p «Barsa»ning PSJdan o‘tkazib yuborgan to‘rtta to‘pidan ming karra og‘riqli, Baqoyev singari futbolchining boshidan Eron darvozasiga kiritilgan gol Maradona yoki Van Bastenning asr gollaridan million karra aziz. Demak nima bo‘lmasin ko‘nikaverarkanmiz-da!

Lekin Suriyaga qarshi o‘yin hammasidan oshib tushgani rost. Sizlarni bilmadim, lekin ochig‘i mening xo‘rligim keldi. 

Sababini aytaman: Suriya hozir qay ahvolda? Olti yillik urush tinkasini quritgan, biror kuni mushtday bolalar qurbonligisiz o‘tmayotgan, o‘qlar yomg‘iri ostida hatto bitta futbol o‘tkazishga imkoniyati qolmagan jafokash mamlakat... Mayli, bu safar yurtimizdagi tinchlik, osmonimizdagi musaffolik, hammaga, ayniqsa yurt sha'ni uchun to‘p surishni zimmasiga olgan shovvozlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirmay qo‘yaqolay. Buni mendan yaxshi bilasiz.

Gap boshqa jihatda: o‘sha Suriya terma jamoasida 20 nafar futbolchi bo‘lsa, shunisi aniqki bu yigitlarning orasida davom etayotgan urushda u yoki bu tomonga xayrixohlar bor. Ya'ni bir jamoada o‘ynashsa-da, aslida ruhan dushman kayfiyatida. Lekin eng g‘alatisi ular maydonga chiqishganda bir jonu bir tan bo‘lib ketishdi. Hammasining ko‘zi chaqnab, g‘alabaga intilishdi. Katta taxmin bilan Suriya ham jahon chempionatiga chiqa olmaydi. Eron, Janubiy Koreyaga o‘xshash TJlar bizga o‘xshab lattalik qilib o‘tirishmaydi. Lekin Suriyalik yigitlar ularning ortida vatan ko‘z tikib turganini his qilib o‘ynashdi! O‘zlarining g‘alabalari qonga botayotgan vatandoshlariga oz bo‘lsa-da malham bo‘lishiga, quvonchni unutib bo‘lgan dillarga shodlik ulashishiga ishonib to‘p surishdi!