O‘zbekiston istiqlolga erishgach, iqtisodiy va boshqa sohalarda ham to‘la mustaqillikka erishdi. Jumladan, elektr energiyasi sohasida ham keyingi yillarda juda katta loyihalar amalga oshirilayotgani sir emas. Ammo tan olib aytish lozimki, respublika aholisini elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida ayrim muammolarga duch kelinmoqda. Bu holat, ayniqsa, kuz-qish mavsumida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Mana shu muammolarning hal etilishi, istiqboldagi rejalar bugun fuqarolarni juda qiziqtirmoqda. Buni tahririyatimizga yo‘llanilayotgan murojaatlarda ham ko‘rish mumkin.

Ana shu maqsadda “O‘zbekenergo”ga tahririyatga kelib tushgan murojaatlarni umumiylashtirib, savollar yo‘llagandi. Tashkilot mutaxassislari savollarga imkon qadar javob bergan.

1. O‘zbekistonning turli hududlarida joriy yilning mart oyidan boshlab elektr energiyasida uzilish holatlari ko‘paygan. Kelib tushayotgan murojaatlarga ko‘ra, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryodagi tumanlarda mazkur holat tez-tez kuzatilmoqda. Bunga nima sabab bo‘lyapti?

Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Andijon tuman iste'molchilarini mustahkam elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, 2017/2018 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Shu sabab 105,3 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kVli havo elektr uzatish tarmog‘i, 46 dona transformator punkti mukammal ta'mirlanishi hamda 470,4 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kVli havo elektr uzatish tarmog‘i, 198 dona transformator punktlari ta'mirlanib, rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr uskunarini rejaviy va navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazish hamda qarzdor iste'molchilarni tarmoqdan ajratish kabi ishlar amalga oshirilayotgan vaqtlarda xodimlarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida qisqa muddatli uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

2. Fuqarolarga ma'lum bo‘lishi uchun har bir hudud bo‘yicha elektr energiyasidagi uzilishlar vaqti infografika tarzda e'lon qilinsa bo‘lmaydimi? Yoki uzilishlar vaqti o‘zgaruvchan bo‘lib, buning sababi boshqa omillarga borib taqaladimi?

Bugungi kunda iste'molchilar tomonidan elektr energiyasidan xonalarni isitish, ovqat tayyorlash va issiq suv ta'minoti uchun foydalanishlari natijasida elektr energiya iste'moli keskin ortib ketishi va elektr qurilmalarini ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Ushbu uzilishlarni vaqti o‘zgaruvchan bo‘lib, ya'ni avariya holatlariga olib kelmasligining oldini olish maqsadida, elektr ta'minoti korxonasi hamda mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan kelishilgan “cheklov jadvali” ishlab chiqiladi.

3. Joylarda elektr energiyasidan qarzi bor xonadonlarning elektr uzatish simlari elektr korxonalari xodimlari tomonidan uzib ketilmoqda. Bu qonuniy tomondan qanchalik to‘g‘ri? Xonadonning elektr energiyasidan qarzi borligi tufayli uni elektr energiyasidan mahrum qilish, ya'ni ta'minot kabellarini uzib tashlash sudning buyrug‘i asosida amalga oshirilmaydimi? Umuman olganda, fuqaro o‘z qarzini to‘liq qoplay olmagan taqdirda, oyma-oy bo‘lib to‘lashga haqlimi?