Jamiyat | 11:47 / 30.03.2017
13687
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi nimalar bilan shug‘ullanadi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.

Unga ko‘ra “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga tijorat banklari va pillachilik tarmog‘i tashkilotlari muassisligida yangidan tashkil etiladigan “Ipaksanoat” mintaqaviy jamiyatlari – “Janubipaksanoat”, “Shimolipaksanoat”, “Markazipaksanoat”, “Vodiyipaksanoat” va “Toshkentipaksanoat” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar “Pilla” hududiy birlashmalari negizida tashkil etiladigan hududiy “Agropilla” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari; tuman va tumanlararo “Pilla” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari negizida tashkil etiladigan tuman “Agropilla” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari; ipak qurti urug‘ini ishlab chiqarish, pillani qayta ishlash hamda ipak gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha tashkilotlar kiradigan bo‘ldi.

Quyidagilar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

a) ozuqa bazasini takomillashtirish bo‘yicha: tarmoqning ozuqa bazasini mustahkamlash, tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish maqsadida sug‘oriladigan yer maydonlari ajratish  bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni ta'minlash; ipak qurti parvarish qilinmaydigan davrlarda pillaxonalar va tutzorlarda ikkilamchi faoliyatni amalga oshirish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish;

b) ipak qurti urug‘i va pilla yetishtirish, tayyorlash va birlamchi qayta ishlash bo‘yicha: Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga ipak qurtining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish, parvarish qilish va sifatli urug‘ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish; respublika hududlari bo‘yicha pilla yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilash, pilla tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari bo‘yicha pilla yetishtirish uchun buyurtmalarni joylashtirish; sifatli pilla yetishtirish va tayyorlash, uni dastlabki qayta ishlash, xom ipak va ipak kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishni tashkil etish;

v) pillani chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha: ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va uning sifatini yanada yaxshilash, uning eng xaridorgir turlari va dizaynini o‘zlashtirish, tarmoq mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta'minlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etishga doir ishlarni samarali tashkil etish; mahsulot sotish bozorlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish, ipak mahsulotlari narxini shakllantirishning maqbul mexanizmini yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda tayyor ipak mahsulotlari eksporti hajmini oshirish;

g) tarmoqni jadal rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha: pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil yuritish hamda ichki va tashqi bozordagi narxlar monitoringini olib borish; normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, imtiyoz va yengilliklar berish,  xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb qilish orqali Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ko‘maklashish; Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar manfaatlarini ko‘zlab, davlat bojini to‘lamasdan sudga da'vo arizalari tayyorlash va taqdim etish hamda davlat organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari muassislar umumiy yig‘ilishining qarori bilan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi hamda maqomiga ko‘ra tegishli ravishda vazir va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparati va “Ipaksanoat” mintaqaviy jamiyatlarining joriy ta'minoti va faoliyatini moliyalashtirish ularning tarkibiga shartnoma asosida kiruvchi pillachilik tarmog‘i tashkilotlarining ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va “Ipaksanoat” mintaqaviy jamiyatlarini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi.

Ishchi guruh chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda quyidagi ustuvor vazifalarga e'tibor qaratadi: 

Uyushma va uning tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, pillachilik sohasidagi qonun hujjatlari va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish; yangi tutzorlarni barpo etish, tut qatorlarini kengaytirish va mavjud tutzorlarni modernizatsiya qilish orqali pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash; 

ipak qurti urug‘ining mahsuldor zotlarini yaratish va joriy etish, importni qisqartirish va kelgusida respublikaning ichki ehtiyojini to‘liq ta'minlash maqsadida ularni ishlab chiqarish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirib borish; 
pilla yetishtirish va tayyorlash hajmlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, sifatini yanada yaxshilash, ipak qurtining mahsuldorligini oshirish; 

pillaga dastlabki ishlov berishning mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini xatlovdan o‘tkazish, ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash; 

pillachilik tarmog‘i tashkilotlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ko‘mir, polietilen, polipropilen, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida, tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha ajratish orqali belgilangan tartibda moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish hamda pillachilik tarmog‘ining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta'minlash; 

sifat menejmentining zamonaviy usullarini, tayyor mahsulotning xaridorgir turlari va dizaynini keng joriy etish, uning xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirilishi va standartlashtirilishini ta'minlash; 

kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, oliy ta'lim muassasalarida pillachilik tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish va yangilash.

Mavzuga oid