11:08 / 09.04.2023
32699

Nomsiz muallif kimning manfaatlarini himoya qilmoqda: ipakchilik sohasinimi yoki “O‘zbekipaksanoat”ni?

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning “Ipak bo‘yinturuq” maqolasidan keyin “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bergan raddiyani ham e’lon qilgan edik. Ammo “Ipak bo‘yinturuq” muallifi mazkur raddiyani raddiya emas, “o‘zi bilan o‘zi gaplashish” deb baholadi va uyushma bayonotiga munosabat bildirdi.

Ipakchilik sohasi muammolariga bag‘ishlangan maqolamdan keyin anonim muallif (raddiya kimga tegishli ekani, qaysi idoraning pozitsiyasini ifoda etayotgani ma’lum emas – tahr.) javob yozib, uni “raddiya” deb nomlagan. Nimayam derdim, bu kabi dolzarb mavzuda muhokama yuzaga kelishini faqat olqishlayman.

Maqolamning muhim nuqtalarini eslatmoqchiman:

1. O‘zbekistonda oxirgi yillarda pilla yetishtirish hajmi ko‘paymoqda: 2017 yilda 12,5 ming tonna edi, 2022 yilda 24,3 ming tonna bo‘ldi. Shoyi eksporti (ipak ipi va matosi bilan birga) 2017-2022 yillar oralig‘ida 30,9 mln dollardan 92,5 mln dollargacha yetdi.

2. 2017 yildan boshlab prezident va hukumat darajasida soha boshqaruvini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. Yangi siyosatning markazi – tayyor mahsulot ishlab-chiqarishning barcha jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi (ipak qurti tuxumini yetishtirish va pilla yetishtirishdan tortib, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishgacha) ipakchilik klasterlarini yuzaga keltirish. Bundan tashqari, soha korxonalarining soliq va bojxona yukini, transport xarajatlarini yengillashtirishga, kreditlashtirishni, kasanachilar mehnatini yaxshilashga qaratilgan imtiyoz va preferensiyalar berildi.

3. Shu bilan birga, hukumat soha ustidan ma’muriy nazoratni saqlab turibdi: tutzorlar uchun yerlarni o‘zi taqsimlaydi, qayta ishlovchi korxonalarning pilla yetishtiruvchilardan pillani sotib olishning majburiy rejalari va narxlarini belgilaydi.

Pilla yetishtirish bo‘yicha topshiriqlar ikki yo‘l bilan joylashtiriladi. Klasterlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki “Agropilla” bo‘limlari orqali:

1) aksar paxta va bug‘doy yetishtirishga iqtisoslashgan fermerlar bilan aloqaga kirishadi va ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzadi;

2) kasanachilar o‘rtasida buyurtmalarni taqsimlashadi.

2022 yil davomida O‘zbek Forumi 51 nafar fermer bilan intervyu o‘tkazgan. Aksar fermerlar yer ijarasi shartnomasiga muvofiq pilla yetishtirishi kerak emas, biroq mahalliy davlat idoralari va turli kvazidavlat “jamoat tashkilotlari” ularni bunga majburlashadi. So‘ralganlarning faqatgina 20 foizi ularga pilla yetishtirish-yetishtirmaslik tanlovi berilganini aytishgan.

4. So‘ralgan fermerlarning 80 foizi pilla uchun joriy qilingan narxlarni adolatsiz deb hisoblaydi, 75 foizi pilla yetishtirishni o‘zlari uchun foydasiz deb hisoblashadi. Ammo bir qismi buni o‘zlari uchun foydali deb biladi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbarining aytishi bo‘yicha, kelajakda fermerlar pilla yetishtirishdan ozod bo‘lishadi, ammo 2026 yilgacha fermerlar bilan shartnomalar tuzish davom etadi.

5. Kasanachilar pilla yetishtirishga rozi, ba’zilari o‘zlari murojaat etishadi. Sababi – oxirgi yillarda narxlar ko‘tarildi, pullar vaqtida berilyapti. Qo‘shimcha foyda ham olishyapti. Shu bilan birga (so‘rovnoma natijasiga ko‘ra) aksar kasanachilar narxlarni adolatli emas deb hisoblashadi. Ammo pilla uchun olishayotgan puldan tashqari foyda olishayotganini aytishdi.

6. Ipakchilik sohasida olib borilayotgan siyosat agrar sohasida davlat olib borayotgan siyosatning bir qismi bo‘lib, fermerlarga berilgan aksar yerlarni ba’zi mahsulotlarni rejaga muvofiq yetishtirish va belgilangan narxda sotish majburiyati bilan kvotalashtirishga asoslangan. Bu amaliyot fermerga ishlab chiqarish tarkibini yer, iqlim, suv yetish-yetmasligi, ishchilar kvalifikatsiyasi, bozor kon’yunkturasi, ortiqcha xarajatlar miqdori va boshqalarni hisobga olgan holda maqbullashtirish imkonini bermaydi.

Bundan tashqari, ma’lum mahsulotlarni majburiy yetishtirish rejalari fermerni yerni intensiv ekspluatatsiya qilishga undaydi, almashtirib ekishga imkon bermaydi.

Bularning barchasi yer egalarining tadbirkorlik erkini cheklaydi, raqobat va narx yaratilishida bozor mexanizmlari ishlab ketishiga yo‘l bermaydi. Bozor munosabatlari qolib, mansabdorlarning o‘zboshimcha qarorlari sahnaga chiqadi, bu esa o‘z-o‘zidan samarasizlikni olib keladi, korrupsiyani urchitadi, soyadagi iqtisodiyot hajmini ko‘paytiradi.

7. Soha boshqaruvi samarasiz, noshaffof va manfaatlar to‘qnashuviga qurilgan. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “O‘zipaksanoat” uyushmasi funksiyalari bir-birini takrorlaydi. Shu bilan birga, uyushma bir-biriga zid vazifalarni bajaradi, u biryo‘la:

– xo‘jalik yurituvchi sub’yekt,

– soha vakillari manfaatlarini namoyon etuvchi uyushma,

– davlat regulyatori.

Ochiq-oydin manfaatlar to‘qnashuvi bu. Boshqa bir manfaatlar to‘qnashuvi haqida: ipakni qayta ishlovchilar – nodavlat tijoriy tashkilotlar fermerlar o‘rtasida pilla ishlab chiqarish bo‘yicha vazifalarni taqsimlashda ishtirok etishadi. Shu bilan birga, bu yerda rejali vazifalarni taqsimlash jarayonida ma’muriy bosim qilish imkoniyatlarini beruvchi keng arsenal ishlatiladi.

8. Sohada qo‘llanayotgan siyosatning muhim jihatlaridan biri – noiqtisodiy majburlash amaliyoti saqlanib qolayotgani. Gap quyidagilar haqida:

— Davlat (regulyator sifatida qo‘mita yoki uyushma) tomonidan sun’iy ravishda pasaytirilgan narxlar kasanachilarning og‘ir mehnatlari uchun arzirli haq ola olmasligiga sabab bo‘lyapti, fermerlarning esa – tashkiliy ishlar uchun to‘lov qila olmasligiga.

— Fermerlar pilla yetishtirishga biron bir qonuniy asossiz majburlanadi, chunki aksarining qo‘lidagi yer ijarasi shartnomasida bu turdagi ishni bajarish kiritilmagan.

— Fermerlarga nisbatan bosim o‘tkazish uchun ma’muriy richaglar ishlatilyapti. Shu sabab, foyda ko‘rmagan holatlarda ham, fermerlar pilla boqishga majbur. Aks holda boshlari uzra yerni olib qo‘yish, tekshirishlar va ishlariga aralashuv bilan bog‘liq boshqa sanksiyalar tahdidi turadi.

— Kasanachilar va fermerlarda pillani sotib oluvchi korxonani tanlash imkoni yo‘q, bu esa ularni bitta korxonaga qaram qilmoqda, yaxshiroq ish sharoitlarini tanlash va huquqlarini talab qilish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Maqolada kelgan tavsiyalar:

1. Ipakchilik sohasini isloh qilish – majburiy davlat buyurtmasini qat’iyan bekor qilishga, paxta, bug‘doy va pillaning erkin bozorlarini shakllantirishga qaratilgan yer islohotining bir qismi bo‘lishi kerak.

Shunda ipakni qayta ishlovchilar ipakni erkin bozorda erkin narxda sotib olishlari kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, ular ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatli o‘zaro manfaatli shartnomalar tuza oladilar.

Nihoyat, pillani qayta ishlovchilar tutzorlar tashkil qilish uchun yerlarni ijaraga olishi va kasanachilarga ikkilamchi ijaraga – pilla yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar tuzishi mumkin bo‘ladi.

2. Ipakchilik sohasi ma’muriy islohotlarga muhtoj: davlat siyosatini yuritish, davlat regulyatori, soha uyushmasi va sohadagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar – bularni bir-biridan ajratish kerak

Raddiya muallifi nimani va qanday qilib inkor qilyapti? Keling, aniqlashtirib olaylik.

1. Raddiya muallifi soha yutuqlari, pilla ishlab chiqarish va qayta ishlash hajmi ko‘paygani, ipak mahsulotlari eksporti ortgani haqida hikoya qilib beryapti. Ammo bu raddiya emas – soha o‘sgani haqida men maqolamda yozganman, ayni raqamlarni keltirganman.

Maqolamda men sohada hammasi yomon, soha stagnatsiyaga uchrayapti demaganman. Aksincha, oxirgi yillardagi yuz bergan islohotlar, ijobiy siljishlarni tilga olganman. Shu bilan birga, boshqaruvda bozorga zid uslublar saqlanib qolayotgani, ularni bozorga mos davlat boshqaruviga almashtirish kerakligini yozganman. Yozganlarim mamlakat prezidenti tomonidan ma’qullangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasiga to‘liq mos. Xususan, strategiyada bozor munosabatlariga o‘tish, davlat buyurtmasidan voz kechish va sohani liberalizatsiya qilishning boshqa yo‘nalishlari ko‘zda tutilgan.

2. Men go‘yo “soha ziyonga ishlayapti” deb yozdim-u, bunga raddiya berilyapti. Men bunday deb yozganim yo‘q. Shu uchun u o‘z-o‘ziga raddiya bermoqda. Jumladan, u ipakni qayta ishlovchi korxonalar orasida ziyonga ishlaydiganlari yo‘q degan iddaoni oldinga suradi, go‘yo men maqolamda shunday deb yozganman.

Men pilla yetishtiruvchi fermerlar pillani majburlikdan yetishtirayotganini yozganman. Zotan bu haqda pillachilar o‘zlari gapirib beryapti. Ammo anonim muallif ularga ishonmayapti. Nega? Chunki bunaqa majburlov noqonuniy. Noqonuniymi, demak bo‘lishi mumkinmas. Ajoyib mantiq va ajoyib “raddiya”...

Ha, pilla yetishtirishdan foyda oladigan fermerlar ham bor. Men ular haqida o‘z maqolamda yozganman. Ammo ular afsuski kamchilikni tashkil qiladi – so‘rovda qatnashganlarning 20-25 foizi.

3. Yana noma’lum muallif pilla yetishtiradigan kasanachilarning ish haqi kam degan iddaoni to‘lqinlanib rad etmoqda. Ammo buni men emas, so‘rovda qatnashgan kasanachilar, fermerlar va hatto “Agropilla” xodimlari aytyapti.

O‘z fikrini dastaklash uchun anonim muallif quyidagi argumentni keltiradi: “Bir quti ipak qurtini boqayotgan kasanachi ayol 2 mln so‘m ishlab topadi”. Birinchidan, 2 mln so‘m – bir oy og‘ir mehnat uchun katta ish haqi emas. Ikkinchidan, muallif bir tafsilotni unutyapti – bir quti ipak qurtini yetishtirish uchun odatda bitta odamning harakatlari yetmaydi – oila bo‘lib, birlashib harakat qilishadi. Shu uchun 2 mln so‘mni bitta odamning ish haqi deb bo‘lmaydi. Buni munosib ish haqi deb ham bo‘lmaydi.

Nima bo‘lganda ham, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishchi kuchi narxini mansabdor shaxslar emas, balki talab va taklif nisbatiga qarab bozor belgilashi kerak.

Amaldagi tizimga nisbatan e’tirozlarim – bozorga mos bo‘lmagan narxlash mexanizmi. Agar pilla narxi erkin bozorda belgilansa, kasanachilar o‘z mehnati uchun ko‘proq maosh olishlari, fermerlar esa o‘z faoliyatidan foyda olishlari mumkin. Buning nimasi noto‘g‘ri? Bu yerda qaysi fikrga raddiya berish mumkin? Hech qaysiga.

4. Anonim muallif “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi yuridik shaxslarning davlat bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan, “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mutlaqo mustaqil faoliyat yuritadigan” ixtiyoriy birlashmasi ekanini qat’iy ta’kidlaydi. Aniqmi bu?

Unda nega uyushma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2856-son qarori bilan tashkil etilgan? Nega prezident qarori bilan uyushma tarkibidagi tashkilotlar, vazifalar, uyushma faoliyati, uning tashkiliy tuzilmasi va xodimlarning maksimal soni belgilangan? Ixtiyoriy nodavlat birlashmalar shu tarzda tuziladimi? Sizningcha, ixtiyoriy mustaqil uyushmalarning raislari va ularning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadimi, maqomi bo‘yicha vazir va vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladimi? Aminmisiz bunga? Yana bir savol: Uyushma mulki qayerdan keladi? Bu davlatning “sovg‘asi” emasmi?

Nega tut plantatsiyalari uyushmaga a’zo bo‘lgan “nodavlat” hududiy “Agropilla” MChJ balansidagi davlat yerlarida joylashgan va ipakni qayta ishlash nodavlat tashkilotlariga tekin foydalanish uchun berilgan? Nima uchun uyushmaga a’zo bo‘lgan tashkilotlar prezident va hukumat qarorlari bilan ma’lum soliqlardan ozod qilingan, imtiyozlar bilan siylangan? Nega ipakchilik tarmog‘idagi investitsiya loyihalari ro‘yxatlari xuddi shu qarorlar bilan tasdiqlangan?

Navbatdagi savol: nima uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.07.2021 dagi 5178-son qarorida mahalliy hududiy hokimliklarga ipakni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish uchun yem-xashak bazasini yaratish, shuningdek, ro‘yxatlarni shakllantirishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar hamda ishsiz aholining ipakchilik klasterlariga biriktirilishi belgilangan? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 fevraldagi 73-son qarori bilan esa fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida ipakchilik sanoati korxonalari tumanlar hokimlariga topshirilgan. Shu bilan birga, pilla yetishtirish, shuningdek, tarmoq korxonalariga doimiy amaliy yordam ko‘rsatish ham.

Yana bir savol: pillaning xarid narxlarini nima uchun davlat belgilaydi va “nodavlat va mustaqil” uyushmaning bunga qanday aloqasi bor?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi 4411-son qarori bilan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga 2020 yildan boshlab tirik pillani yetishtiruvchi korxonalardan sotib olish narxini kamida 20 foizga oshirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi, 2021 yildan – kamida 10 foizga.

Yana bir misol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 fevraldagi 6059-son qarori bilan 2022 yilda yetishtirilgan pilla (tirik ipak qurti)ning xarid narxini 10 foizga oshirishni tasdiqlash belgilandi.

5. Anonim muallif davlat rejalari har doim ham tut daraxtlari soni va unumdorligini hisobga olgan holda belgilanmaydi, degan gapimga qo‘shilmayapti. Aslida bu haqda men emas, fermerlar gapiryapti. 2022 yilgi so‘rovda qatnashgan fermerlarning 1/3 qismi tut barglarini qo‘shimcha sotib olishga majbur bo‘lganini tan olgan.

Mana bir guvohlik: “Bu yil yomg‘ir juda kuchli bo‘lgani uchun o‘z barglarimizdan foydalana olmadik. Qo‘shni hududlardan barg sotib olib kelishga majbur bo‘ldim. Bu mening cho‘ntagim uchun katta yo‘qotish bo‘ldi”.

Shu bilan birga, fermerlar tut barglarini o‘g‘irlash muammosiga duch kelishadi va daraxtlarni himoya qilish uchun qo‘shimcha xarajatlar qilishadi.

6. Anonim muallif biz fermerlar va kasanachilardan eshitgan ba’zi boshqa da’volarga ham raddiya bermoqda. Misol uchun, pilla ko‘pincha turar joylarda yetishtiriladi, keyin ularni tozalash va ta’mirlash kerak bo‘ladi. Anonim muallifning fikricha, bunday emas. Lekin nega pilla yetishtirish bilan bevosita shug‘ullanuvchilarga emas, balki unga – “raddiya” muallifiga ishonishimiz kerak?

Yoki yana bir narsa: muallif “pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar pilla klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladi, bunga hech qanday davlat tashkiloti yoki boshqa idoralar aralashmaydi”, degan fikrni ilgari suradi. Demak, fermerlar yana aldayaptimi? Anonim muallif esa halollikning Yer sayyorasidagi vakili...

Xulosa qilib aytganda, “raddiya” muallifi:

— ko‘pincha o‘zi o‘zini rad etibdi;

— pilla yetishtirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan odamlarning so‘zlariga mutlaqo ishonishni istamabdi;

— o‘z tashkilotining “to‘n sharafini” himoya qilibdi.

Yuliy Yusupov

Top