Keyingi haftalarda O‘zbekiston televideniyesida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda baralla yoza boshlashdi, «Axborot» jonlana boshlangani e'tirof qilina boshladi.
Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidan keyin ro‘y berdi. Prezident yig‘ilishda televideniye faoliyatiga to‘xtalgan va tanqidiy fikrlarini bildirib o‘tgandi. U bu sohada ahvol «eski hammom, eski tos» bo‘lib qolayotganini aytgandi.
«Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. «Axborot» ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak», degandi prezident.
Shundan so‘ng, ko‘p vaqt o‘tmasdan, 4 aprel kuni O‘zMTRK raisiga axborot uzatish bo‘yicha o‘rinbosar etib Bobur Botirovich Alixonov tayinlandi.
Bu o‘zgarish o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. O‘zbekiston prezidentining Moskvaga safari «Axborot» dasturlari orqali yoritilishida uning imzosi sezildi. Xususan, Rossiyadagi OAVning bu tashrifga reaksiyasi alohida berildi. Shuningdek, telekanalda vazirlar, hokimlar va boshqa yuqori lavozimli mansabdorlar ko‘rinish berib, intervyu bera boshladi.



Oxirgi haftada yana bir o‘zgarish ro‘y berdi: «Tahlilnoma» boshlovchisi dasturni turgan holda olib borishi yo‘lga qo‘yildi.

















