«Kun.uz» saytida Qo‘qon shahridagi gaz ta'minoti ahvoli va uning ayanchli oqibatlari haqida shu yil mart oyining 22-sanasidan so‘ng ketma-ket noxush xabarlar va tahliliy materiallar yoritilgan edi.
Jumladan, «Qo‘qonda tashkilotlar mas'uliyatsizligi oqibatida ikki navqiron yigit majruh bo‘lib qoldi» sarlavhasi ostida «Qo‘qonshahargaz» tomonidan gaz bilan ta'minlanuvchi Dang‘ara tumani hududidagi Oydin ko‘chasi, 78-uyda 18 mart kuni ro‘y bergan gaz portlashidan so‘ng tanasi kuygan aka-ukalar haqida xabar berilgan edi.
Tibbiyot vakillarining sa'y-harakatlari, yaqinlarining iltijoyu duolariga qaramasdan, 25-mart kuni 20 yoshni to‘ldirgan Abu Bakr Sheraliyev tanasining qattiq kuyishi oqibatida hayot bilan vidolashdi.
Oradan ikki kun o‘tgach, 27 mart kuni Abu Bakrning 22 yoshli akasi Bilol Sheraliyev ham olamdan o‘tdi.

Umuman, ushbu vaziyatni o‘rganish, Qo‘qon aholisining gaz ta'minoti qay ahvoldaligi haqida shaharliklar bilan suhbatlashganimizda, gaz ta'minoti boshqa kommunal xizmatlar kabi ayanchli ahvolda ekanligining guvohi bo‘ldik.
Fuqarolarning aytishlaricha, shaharda elektr energiyasi ham ko‘p o‘chadi. Gaz ta'minoti esa hovlilar va ko‘p qavatli uylarni deyarli qamrab olgan bo‘lsa ham, ishlar texnik tomondan ko‘ngildagidek emas.
Sovuq kunlarda quvurlardagi gazning bosimi hamma joyda ham kamayadi, bu tabiiy hol. Chunki ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta'minoti to‘liq ishdan chiqqan. Odamlar qishda gaz yoqib, jon saqlashadi. Ularni ham to‘g‘ri tushunmoq kerak. Buning oqibatida gaz sarfi ortib, uning hajmi kamayadi.
Bu holatga qo‘qonliklar o‘ziga xos yechim topishgan. Ayrimlar gaz so‘rish uchun xonadoniga kichikroq nasos o‘rnatib olgani, bunday nasoslar bozorlarda ham sotilayotgani bugun hech kimga sir emas. Biroq Qo‘qonda bu ish kattaroq ko‘lamda amalga oshirilgan ekan: mahallalar aholisi o‘zaro pul tashlashib, gaz so‘rishga yirik kompressorlarni jalb qilishgan.
Kompressorlarki, quvurlardagi gaz bosimini haddan tashqari yuqori qilib beruvchi, ko‘proq avtomobillarga siqilgan, suyultirilgan gaz quyish shoxobchalarida foydalaniladigan matoh bo‘lib, undan foydalanish — xavfsizlik texnikasi talablariga mutlaqo javob bermaydigan tadbirning o‘zginasi.










