Jamiyat | 15:00 / 13.04.2017
20087
14 daqiqa o‘qiladi

Yo‘qolib borayotgan fazilat - kitobsevarlik

Ota-bobolarimizning bilimga, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbati ona diyorimizda dunyo tamadduniga, ilmu ma'rifat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk insonlarning yetishib chiqishiga sabab bo‘lgan. Muqaddas dinimizda xoh erkak bo‘lsin, hox ayol – har bir insonning ilm o‘rganishi farz bo‘lgan. Qur'oni Karim ilk sur'asi “o‘qi” so‘zi bilan boshlanishi, “ilm” so‘zi unda 811 marta jaranglashi bejiz emas. Xalqimiz azaldan bilimga saodatning kaliti, komillika yeltuvchi ko‘prik, insonni yovuzlikdan, xurofatdan asrovchi tumor sifatida qarashgan. Bilimli insonlar el orasida katta obro‘-e'tiborga ega bo‘lishgan. Sohibqiron Amir Temur dunyoviy va diniy bilimlarni chuqur egallagan hukmdor bo‘lish bilan birga ilm ahlini bag‘oyat qadrlagan, ularga yaqindan g‘amxo‘rlik qilgan, sahovatini ayamagan.    

Xalq orasida Amir Temur haqida bir rivoyat yuradi. Uning qo‘shinlari Arman zaminidan o‘tib ketayotganda bir monastirga duch kelishibdi. Temur qo‘shinlari darvozalarni ochishni talab qilibdi. Monastrdagilar bunga rozi bo‘lishmasdan o‘rniga katta miqdorda oltin va'da qilishibdi. O‘sha paytlarda urush qoidalariga binoan hayoti saqlab qolingan mag‘lub tomon g‘olib tomonga omonlik solig‘ini to‘lashgan... Monastrdagilarning taklifi Amirga ma'qul kelmapti. Ancha o‘ylanib turib kelgan elchilarga “mayli kimki omonlik istasa, o‘z og‘irligiga teng kitob keltirsin!” deb shart qo‘yibdi. Monastr ahli bu talabni uzoq muhokama qilib, o‘limga rozi ekanliklarini izhor qilibdilar. Bunday qarordan ta'sirlangan Temur “xalqning ma'naviy merosini o‘z jonidan afzal ko‘rgan el yashashga haqli” degan farmon bergan ekan... Bu rivoyatda arman xalqining kitobga bo‘lgan e'tiqodi bilan birga tillodan kitobni afzal ko‘rgan, o‘limga mahkum etilgan dushmanni faqat kitobsevarligi uchun ardoqlab, omonlik bergan Buyuk Amir Temirning ilm ahlini naqadar qadrlaganligi madh etilayotgan.

Buyuk bobokolonimiz qaysi mamlakatni maxf etmasin bilimli insonlarni o‘z himoyasiga olib, ardoqlagan, durdona kitoblarni asrab-avaylab, Samarqandga olib kelgan va jahonda tengi yo‘q temuriylar kutubxonasini barpo etgan. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tomonidan yanada boyitilgan bu kutubxonaga shaxsan Hoqonning o‘zi mudirlik qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shu yil 12 yanvardagi Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishini o‘qib, bu nozik va o‘ta muxim masalaga shaxsan davlat rahbarining e'tiborini yana bir bora his qilganday bo‘ldim. Hujjatda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Endi mutaxassislar yurtimizda aholi o‘rtasida, jumladan yoshlar orasida kitobxonlik madaniyati saviyasinig pasayib ketish sabablarini chuqur taxlil etish asosida uni oshirishga qaratilgan aniq va puxta chora-tadbirlar belgilashlari talab etiladi.

Xo‘sh, o‘sha sabab va shart-sharoitlar nimalardan iborat?

O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlangan siyosiy beqarorlik, iqtisodiy tanglik uzoq yillik kitbxonlik an'analariga putur etkazdi. Dafatan savdo rastalarining bo‘shab qolishi, oziq-ovqat mahsulotlari harid qilish uchun uzundan-uzoq navbatlarning paydo bo‘lishi, “qayta qurish”, “oshkorolik”, “demokratiya” deya ko‘chaga chiqqan olomonning jumbushlari kitob do‘konlarining yopilib ketishiga, kutubxonalarning xuvullab qolishiga sabab bo‘ldi. Ustiga ustak “qora qozoni” qaynamay qolgan o‘qituvchilarning “bozor” tomonga og‘ib ketishi, shu davrda ota-onalarning ham “tirikchilik” yo‘liga o‘tishlari kitobxonlik madaniyatiga urilgan birinchi zarba bo‘lgandi. Maktabda, oilada nazoratning susayishi bolalarga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi...

Yangi alifboning joriy etilishi hamma zamonlarda ham bir muddat aholi savodxonligiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. 1993 yilda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining joriy etilishi bundan holi bo‘lmadi. Bir necha yillar ichida mamlakat aholisi ikki guruhga – lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifosini o‘zlashtirayotgan, ammo amaldagi kirill yozuvini bilmaydigan yoshlar va kirill yozuvini puxta egalalagan, biroq lotin yozuviga “uquv”siz katta yoshdagilarga bo‘linib qoldi.

Bu bo‘linish asta sekin kitob olamiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Yoshlar mavjud kitoblarni, gazeta va jurnallarni mutolaa qilolmay, kattalar esa yangi chiqqan adabiyotlarni o‘qiyolmay qiynalib qolishdi.

Va nihoyat kitobxonlikka keyingi “zarba”ni hayotimizga shiddat bilan kirib kelgan telefon, internet kabi voqeliklar berdi. Dastlabki paytlarda ko‘pchilik ular kitoblarning o‘rnini bosishga qodir, degan yanglish fikrda bo‘lishi oqibatida bu yangilik yoshlarning katta qismini o‘z domiga tortib ketishga ulgurdi. Bugun yoshlarku mayli, katta yoshdagilar, hatto otaxon-onaxonlar ham telefondan bosh ko‘tara olmay qolishgani hech kimga sir emas. Oilaning ulug‘lari qo‘liga kitob olmasdan umrini komyuter yonida o‘tkazsa, oldi-qochdi seriallardan bo‘shamasa, yoshlar kitobxonlikni kimdan o‘rgansin. Xalqimizda qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan maqol bor.

Xorijiy mamlakatlarga borganimda ataylab kitob do‘konlariga kiraman. Haridorlar ko‘pligidan hayratga tushaman. Qani edi bizda ham kitob do‘konlarimiz shunday gavjum bo‘lsa edi, deb niyat qilaman. Qani edi ota-onalar farzandlarining tug‘ilgan kunlarida quyuq ziyofatlar, horijning turqi otni xurkitadigan beo‘xshov, ammo qimmatbaho o‘yinchoqlari o‘rniga bir dona kitob sovg‘a qilishni o‘rganishsa, qizi tug‘ilgandan boshlab, sandiq-sandiq sarpo yig‘ishdan charchamaydigan onalar uning orasiga jillaqursa bir dona kitobni joylab qo‘ysa yoki horij mebellarini tur-turi bilan topib, qizining uyini bezayotgan do‘lob otalar javonlarga Navoiy bobomizning “Xamsa”sini joylab qo‘ysa! Ba'zida dang‘illama “qasr”da yashovchi tanishlarimnikiga borganimda kitob javonini axtaraman. Hovlida qo‘sha-qo‘sha mashina... billur qandillar... keragidan ortiq horij mebellari... Ammo bir dona ham kitob yo‘q. Hayolimdan bitta mebelning o‘rniga qancha kitob sotib olsa bo‘larkan, degan fikr o‘tadi... Kunda-kunora beriladigan ziyofatlarga ketayotgan millionlarga qancha kitob harid qilsa bo‘ladi?

Kitobga nisbatan oilada munosabat shu ahvolda bo‘lgach, farzandlardan nimani kutamiz? Bola 5-6 soat vaqtini maktabda o‘tkazadi. Qolgan paytda oila davrasida bo‘ladi. Oilada kitobxonlik muhiti bo‘lmas ekan, bolada kitobga mehr uyg‘onmaydi. Ota-onalar, buva-buvilar o‘zlari namuna bo‘lib, qo‘llariga kitob olmas ekan, farandlar o‘z-o‘zidan kitobsevar bo‘lib qolmaydi. Ko‘p yillik tajribamdan shuni angladimki, bolalar ayniqsa ertak va dostonlarga havasmand bo‘lishadi. Ertak aytishni boshlaganimda nevaralarim har qanday mashg‘ulotini (hatto kompyuter o‘yinidan voz kechib) tashlab, yonimga kelishadi. Ertak tugab qolsa, yana-yana aytishimni talab qilishaveradi. Demak, bugunning yoshlari o‘zgarmagan. Ular hamon ertak va dostonlarga o‘ch. Faqat biz kattalar o‘zgarganmiz. Farzandlari bilan kitob mutolaa qilish u yoqda tursin gaplashishga ham vaqt topolmayotgan ota-onalaru, choyxona va “gap”lardan bo‘sholmayotgan bobo-momolar o‘zgarganmiz...

Ayrim ota-onalarning “bolamga kitob o‘qi desam, hech aytganimni qilmayapti!” deb zorlanishlari quloqqa chalinadi. “O‘qi” deyish bilan murodga yetib bo‘lmaydi. Keyingi paytlarda oilalarda ajdodlarimizning kitob mutolaasi an'analari unitilib ketmoqda. Ma'lumki, ota-bobolarimiz azal-azaldan ertalabki nonushta payti, kechki tamadi onlari oila davrasida nafis majlislar qurishgan. Kattalar turli xil rivoyatlar, hikoyatlar so‘zlab, yoshlarga nasihatlar qilishgan, kitob mutolaa qilishgan. Hozir ahvol butunlay boshqacha. Ertalab ota ishga shoshiladi. Ona ham ishga borishi lozim. Bolalar maktabga, bog‘chaga oshiqishadi... Kim o‘tirib, kim tik turgancha, biri oldin, biri keyin nonushta qilib, yumushlariga otilishadi. Kechda ham oilaning barcha a'zolarini bir joyga to‘plab bo‘lmaydi... Ishdan toliqib, kech qaytgan otaning ham, ishdan tashqari uy yumushlari bilan charchab qolgan onaning ham kitob mutola qilish u yoqda tursin, muloqat qilishlariga qo‘llari tegmaydi... Vaholanki, kitob mutolaasi ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlaydi, oila jipsligini ta'minlaydi.

Yoshlarda kitobga mehrni beradigan ikkinchi man'ba - maktab, o‘qituvchilar. Men ko‘p yillar o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida dars berganman. Ko‘pincha tinglovchilar – o‘qituvchilardan “siz keyingi paytda qanday badiiy asarni o‘qigansiz” deb so‘rardim. Eng achinarlisi 60 foiz ustozlar keyingi bir yil davomida qanday kitob o‘qiganligini eslay olishmasdi. 30 foizi saviyasi past kitoblarni o‘qishi, faqat 5 foiz tinglovchilar jiddiy adabiyotlarni mutolaa qilishi ma'lum bo‘lardi.

Tinib-tinchimas ijodkor Husan Ibrohimovning Amir Temurning 1356-1370 yillardagi faoliyatini qiyosiy-tanqidiy haqqoniy va to‘laqonli aks ettirgan “Sohibqironni anglash” nomli hujjatli asarini o‘qib yosh Sohibqironni yangidan kashf etganday bo‘ldim. Mutaxassis va atoqli ijodkorlar tomonidan yuqori baholangan ushbu asar muallifning say'-harakati bilan bor-yo‘g‘i 1000 nusxada chop etilgani achinarli holdir. Bunday asarlarni ko‘p ming nusxada nashrdan chiqarib, kutubxonalar va kitob dukonlariga tarqatish soha mutassadilarining sharafli ishi bo‘lishi kerak emasmi?

O‘tgan asrning 50-yillarida ikkinchi jahon urushining qahramoni G.K.Jukov to‘g‘risidagi kitob do‘konlarda sotuvga chiqqanda xaridorlar 1,5-2 km. navbat paydo qilgan ekan. Shu tariqa 100 nusxadagi kitob bir necha kunda sotilib ketgan. 5000 nusxada chop etilgan Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat”ning kitob do‘konlarida xaridorini kutib yotganligini ko‘rib, yuragim achishadi...

Olimlar kitob mutolaasining inson aqliy, jismoniy va manaviy kamolatidagi ahamiyatini isbotlab berdilar. Ma'lumotlarga ko‘ra, kitob o‘qish aqliy qobiliyat pasayishining oldini oladi. Olti daqiqa kitob o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lish stress holatini 60 foiz kamayishiga olib kelish bilan birga kitobxonning yurak urishi bir maromda bo‘lishini, mushaklar tarangligini bo‘shashtirish jarayonini ham sekinlashtirishini ta'minlarkan. Kitobsevarlarning tan sog‘liqlari boshqalarga nisbatan 33 foiz yaxshiroq bo‘larkan. Bundan tashqari, kitob mutolaasi inson qalbini yumshatishi, uyqusizlikning oldini olishi, tushkunlikdan qutqarishi, hayotdagi maqsadni to‘g‘ri anglab, qiyinchiliklarni yengishga yordamlashishi, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishi, so‘z boyligini oshirishi va boshqa foydali jihatlarga egaligi isbotlangan. Shu bilan birga kompyuter o‘yinlarining zararli oqibatlari ham bugun hech kimga sir emas.

Shu haqiqatni yoshlar shuuriga singdirish mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirishda eng birlamchi omil bo‘ladi. Kitobning, ilmning foydasi, kompyuter o‘yinlarining zararli tomonlari teleqo‘rsatuvlarda ochib berilishi, multfilmlar mazmuniga singdirilishi, reklamalar mohiyatini tashkil etishi, gazeta-jurnallarda targ‘ib qilinishi lozim. “Donovoy” va “Bilmasvoy”ning sarguzashtlari yordamida bilimli insonlarning jamiyatda ulug‘lanishi va aksincha ilmsizlarning sharmandali basharalari yorqin badiiy bo‘yoqlarda bolalar tafakkuriga singdirish darkor. Ularning ongida ko‘cha-ko‘yda xurmat-e'tibori oshib borayotgan, zafar cho‘qqilari sari ildam odimlayotgan “Donovoy” va el-yurt ichida obro‘-e'tibori tushib, kundan-kunga omadsizlik botqog‘iga cho‘qib borayotgan “Bilmasvoy” siymosini gavdalantirish lozim. Ana shunda yoshlar qalbida ularning biriga cheksiz havas, ikkinchisiga nisbatan nafrat shakllana boradi. Kitobga mehri baland yangi avlod paydo bo‘ladi...

Komil Sindarov, yuridik fanlari doktori

 

 

 

 

Mavzuga oid