08:10 / 13.04.2017
27429

Krishtianu Ronaldu futbol tarixida rekord o‘rnatdi

Foto:© EPA/FILIP SINGER

Madridning "Real" futbol klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu futbol tarixida yevrokuboklarda yuzta gol urgan birinchi o‘yinchiga aylandi.

Forvard tomonidan YeChL chorak finalidagi Germaniyaning "Bavariya" jamoasi darvozasiga kiritilgan ikkita to‘p portugaliyalik uchun o‘z faoliyati davomida yevrokuboklarda urilgan 99 va 100-to‘piga aylandi. 32 yoshli portugaliyalik bu ko‘rsatkichga erishish uchun 143 uchrashuv o‘tkazishi yetarli bo‘ldi.

Ushbu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni "Barselona" hujumchisi Lionel Messi 97 gol bilan egallab turgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onada "Real" va "Shalke" jamoalari sobiq forvardi Raul 76 to‘p bilan qayd etilgan. Amaldagi futbolchilar orasida esa bu boradagi uchinchi ko‘rsatkich "Manchester Yunayted" hujumchisi Zlatan Ibrahimovichga tegishli - 56 gol.

Ronaldu 100ta goldan 16tasini "Manchester Yunayted", 84tasini esa - "Real" safida urgan. U yevrokuboklardagi birinchi to‘pini Vengriyaning "Debretsen" jamoasi darvozasiga 2005 yilning 9 avgust kuni kiritgan. 

Top