12:09 / 13.04.2017
8058

Suriya KQTT tergovchilarini Shayrot aviabazasiga kiritishga tayyor

Suriya hukumati Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti (KQTT) ekspertlarini Shayrot aviabazasiga kiritishga tayyor. Tashkilot mutaxassislari, g‘arb mamlakatlari ta'kidlayotganidek, Xon-Shayxunga uyushtirilgan hujumda qo‘llanilgan zarin moddasi ushbu aviabazada saqlangani yoki yo‘qligiga oydinlik kiritishlari mumkin bo‘ladi. Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Bashar Ja'fariy Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida shu haqda ma'lum qildi.

Uning aytishicha, Damashq ma'muriyati KQTT bosh direktori Ahmad Uzumjiga maktub yo‘llab, "nima yuz berganini aniqlash maqsadida Xon-Shayxun va Shayrot aviabazasiga xolis va tajribali missiyasini yuborish"ni so‘ragan. "Suriya Shayrot aviabazasida zarin saqlanganiga oydinlik kiritishlari uchun missiyaning u yerga kirishini ta'minlashga tayyorligini ta'kidlaydi", - degan diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlarning Xon-Shayxundagi voqea joyiga borishlari uchun "Jabhat an Nusra" va ushbu hududda faoliyat yurituvchi boshqa terrorchi guruhlar hamda "ularni qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlar"ning xavfsizlik bo‘yicha va'dasi talab etiladi.

Ja'fariyning so‘zlariga ko‘ra, Suriya hukumati ushbu shaharda nima bo‘lganini aniqlashdan manfaatdordir. 

Top