O‘zbekiston | 16:17 / 14.04.2017
22802
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov: «Davlatning imijini pulga sotib olib bo‘lmaydi»

14 aprel kuni Xalqaro press-klubning «O‘zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichdagi dolzarb masalalari» mavzusida sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Abdulaziz Komilov hamda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Anjumanda jurnalistlardan biri TIV rahbaridan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotgani haqida so‘ragan.

«Bu xorijdagi elchixonalarimiz va diplomatik vakolatxonalarimiz olib boradigan ishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, qo‘shnilar bilan shu borada ishlar olib boriladi. Bundan tashqari, Yevropa davlatlarida madaniyatimiz va tariximizga mavjud qiziqishlardan kelib chiqib, ko‘rgazmalar tashkil qilinmoqda. Ko‘p kitoblar chop etilmoqda. Teatrlarimiz Yevropada namoyish qilinmoqda va madaniyatimiz targ‘ib qilinmoqda.

Bu endi madaniy sohadagi ishlar. Imij ko‘p qirrali tushuncha. Imij davlatning ichki va tashqi siyosatini ham ifodalaydi.

Ba'zi davlatlarning vakillari lobbistlarni topib, ularga bir million dollar bersam, davlatimizning imiji ertaga butunlay boshqacha bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ko‘p puldor davlatlar shunday ishlaydi, ko‘p gazetalarda ular haqida chiroyli qilib, rasmlar bilan yozib chiqishadi. Lekin gazetaning bir chekkasida bu reklama ekani haqida ham yozib qo‘yishadi. Bundan amaliy natija bo‘lmaydi. Bu noto‘g‘ri yo‘l.

Imij yaratish juda murakkab ish. O‘z davlatini imijini mustahkam qilish uchun har kuni ishlash kerak. Bu xuddi katta imoratni g‘isht ustiga g‘isht qo‘yib tomini yopib qurishdek bir gap. Bu juda katta siyosat olib borishga bog‘liq.

Bizning hamma elchixonalarimizda imij yaratish, O‘zbekiston haqida, mamlakatning ichki va tashqi siyosati haqidagi ma'lumotlarni tarqatish bo‘yicha alohida diplomat mavjud.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonning imiji mustahkamlanmoqda. Prezident nomiga kelayotgan tabriknomalarda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqida keltirib o‘tilayotgani buning isboti», degan Abdulaziz Komilov.

U tashqi ishlar vazirligining asosiy maqsadi chet eldagi fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish ekanini ham qo‘shimcha qilib o‘tgan.

«Ammo chet elda o‘zbekistonliklar ko‘payib boryapti. Odamlarimiz elchixona va konsulxonalarimiz faoliyatidan rozi deya olmaymiz. Biz bu borada ishlayapmiz. Konsullik va ularning xodimlari sonini ko‘paytiramiz. Ularning muloqot madaniyatini oshirib boramiz», deydi vazir.

Mavzuga oid