O‘zbekiston | 09:00
1303
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov Xorvatiya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov amaliy tashrif bilan Xorvatiyada bo‘lib, mamlakat bosh vaziri Andrey Plenkovich hamda qator yuqori lavozimli rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar siyosiy muloqot, investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Dunyo

17–21 may kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida Abdulaziz Komilov Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich, bosh vazir o‘rinbosari — dengiz, transport va infratuzilma vaziri Oleg Butkovich, tashqi va Yevropa ishlari vaziri Gordan Grlich-Radman, shuningdek, turizm va sport vaziri Tonchi Glavina bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, siyosiy muloqotni mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda oliy va yuqori darajadagi tashriflarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va idoralararo aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, transport va logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida Xorvatiyaning yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Xorvatiya kompaniyalarining 2026 yil 16–18 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid