Jahon | 08:33 / 14.04.2017
13154
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoy va Qozog‘iston Suriya bo‘yicha ovoz bermaganidan mamnuniyat bildirdi

Foto: AFP

Oq uy Xitoy va Qozog‘iston BMT Xavfsizlik kengashida Suriya bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiyaga ovoz berish vaqtida betaraf qolganidan mamnuniyat bildirdi. Bu haqda jurnalistlarga AQSh prezidenti matbuot kotibi Shon Spayser ma'lum qildi. 

"Xitoy ovoz bermagani muhimdir. Shuningdek, Qozog‘iston ham Rossiyaga yaqin joylashgani va u bilan umumiy tarixga egaligi sababli betaraf qolgani ham muhimdir. Qozog‘iston bu yerda Rossiyadan chetlashib, nafaqat AQSh, balki butun qolgan dunyo qo‘llab-quvvatlaydigan pozitsiyani qo‘llab-quvvatladi", deb aytdi Spayser.  

"Xitoy ovoz bermagani prezident uchun salmoqli muvaffaqiyatdir. Bu Rossiya ushbu masala bo‘yicha yakkalanganini ko‘rsatadi, bu muhimdir", deb qo‘shimcha qildi Spayser.

Rossiya 12 aprelda BMT Xavfsizlik kengashida taqiqlash huquqidan foydalanib, Suriya bo‘yicha rezolyutsiyaning qabul qilinishini blokladi. Rezolyutsiya loyihasini BMT Xavfsizlik kengashiga muhokamaga Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSh kiritgandi.   

Rossiyaning BMTdagi vakili Vladimir Safronkovning aytishicha, bu loyiha Suriya hukumatini hali tergov o‘tkazilmasdan, kimyoviy hujum sodir etishda ayblagan va shuning uchun Rossiya tomondan bloklangan.

Mavzuga oid