Özbekiston Rossiya Federatsiyasi hududida bir neça konsulxonalar oçişni rejalaştirgan. Bu haqda Özbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov Xalqaro press-klubda jurnalistlarning savollariga javob qaytariş çoğida aytib ötgan.

Uning qayd etişiça, xorijda Özbekiston fuqarolari soni ösmoqda. Vazir bergan ma'lumotga köra, hozirda AQŞda yuz mingdan ortiq özbekistonlik bor, Rossiya hududidagi özbekistonliklar soni esa 1 milliondan ortiq.

Özbekiston TIV rahbari xorijdagi fuqarolarga konsullik xizmatlari körsatiş borasida muammolar mavjudligini qayd etib ötgan. Uning ma'lum qilişiça, hozirda yangi konsulxonalar oçiş va yangi mutaxassislarni bu muammolarni bartaraf etişga jalb etiş işlari olib borilmoqda.

Komilov bu masala böyiça Rossiyada alohida muammolar borligini qayd etib, u yerdagi özbekistonliklar konsulxonalargaça minglab kilometrlarni bosib ötişiga töğri kelayotganini aytib ötgan.

Vazir Özbekiston Rossiyada yana bir neça konsulxonalar oçişini ma'lum qilgan. U Özbekistonning xorijdagi fuqarolariga xizmat körsatiş sifatini oşirişga alohida e'tibor qaratilişini qayd etib ötgan.

U taşqi işlar vazirligining asosiy maqsadi çet eldagi fuqarolarning manfaatlarini himoya qiliş ekanini ham qöşimça qilib ötgan.

«Ammo çet elda özbekistonliklar köpayib boryapti. Odamlarimiz elçixona va konsulxonalarimiz faoliyatidan rozi deya olmaymiz. Biz bu borada işlayapmiz. Konsullik va ularning xodimlari sonini köpaytiramiz. Ularning muloqot madaniyatini oşirib boramiz», degan vazir.