18:26 / 18.04.2017
179945

Endi qamoq jazosi tayinlanmaydi, biroq...

Ma'lumki, 2017 yilning 1 aprelidan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Unga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga “majburiy jamoat ishlari” joriy etilib, “qamoq” tariqasidagi jinoiy jazo turi bekor qilindi, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

Jazoning ushbu turlari haqida omma orasida aniq tasavvur yo‘qligi bois, ko‘pchilikda jinoyat sodir etganlar ham ozodlikda yurishi mumkin ekan, degan tushuncha hosil bo‘lmoqda. Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a'zosi Sherzod To‘xtashev mazkur masalaga oydinlik kiritdi:

— O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining jazo tizimida shaxs erkinligini cheklaydigan “ozodlikni cheklash”, “Ozodlikdan mahrum qilish” va “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish” jazolari qatorida “qamoq”jazosi ham mavjud edi.

Qamoq jazosi – shaxsni batamom ajratgan sharoit ostida saqlashdan iborat bo‘lib, bir oydan olti oygacha muddatga tayinlangan hamda hukm chiqarilgan joydagi maxsus qamoq uylarida o‘talgan. Bunday jazo turi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan.

Endilikda, qonunchiligimizga kiritilgan yangiliklarga ko‘ra jazoning ushbu turi bekor qilindi. Lekin, qamoq jazosining bekor qilinishi shaxsni erkinligini cheklaydigan boshqa jazolarni tayinlanmasligini anglatmaydi.

Shaxsni sodir etgan jinoyatining xavflilik darajasiga qarab ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazolari tayinlanadi.

Ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir.

Ozodlikdan mahrum qilish bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi. Qonunchiligimizga muvofiq turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish, jazoning muayyan qismiga, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga o‘ta xavfli retsidivistlarga, hamda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq shaxs erkinligini cheklaydigan barcha jazo turi emas, balki qamoq jazosi bekor qilindi.

Bunga qamoq jazosini qo‘llash amaliyotda yetarli darajada profilaktik ta'sirga ega bo‘lmaganligi hamda shaxslarning qayta tarbiyalanishida samarasini bermaganligi sabab bo‘ldi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ma'muriy qamoqqa olish ma'muriy jazoning bir turi sifatida saqlanib qoldi. Ma'muriy qamoqqa olish uch sutkadan  o‘n besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilgani uchun – o‘ttiz sutkagacha muddatga qo‘llaniladi. 

Mazkur qonun sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishga, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

 

Top