O‘zbekiston | 09:48 / 18.04.2017
34252
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Bitta kamar - bitta yo‘l» forumida ishtirok etadi

28 nafar prezident va bosh vazirlar Pekindagi «Bitta kamar — bitta yo‘l» strategiyasi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi forumda ishtirok etishini tasdiqladi. Bu haqda XXR TIV rahbari Van I seshanba kuni maxsus brifingda ma'lum qildi.

«XXR raisi Si Jinpingning taklifini 28 nafar davlat va hukumat rahbarlari tasdiqladi», - degan Van I.

Van Ining so‘zlariga ko‘ra, forumda ishtirok etishni O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Gretsiya, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari tasdiqlashgan.

Uning ta'kidlashicha, XXR raisi Si Jinping forumning ochilish sessiyasida nutq so‘zlaydi hamda forumda ishtirok etish uchun kelgan mamlakat rahbarlari bilan muloqot qiladi.

Van Ining so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish 15 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakat rahbarlari va bosh vazirlaridan tashqari, BMT bosh kotibi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori, shuningdek Jahon banki prezidenti qatnashadi. Forum yakuni bo‘yicha «Bitta kamar — bitta yo‘l» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuv imzolanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, forumda hammasi bo‘lib 1,2 mingdan ortiq kishi ishtirok etadi.

Xitoy 2013 yilda «Bitta kamar — bitta yo‘l» iqtisodiy rivojlanishning yangi strategiyasi haqida ma'lum qildi. U Yevroosiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va infratuzilma yaratishga yo‘naltirilgan. Strategiya ikki muhim rivojlanish yo‘nalishiga ega: Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy kamari va dengizdagi Buyuk ipak yo‘li. Gap Sharqdan G‘arbga imtiyozli shartlarda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish bo‘yicha savdo yo‘lagini tashkil etish haqida bormoqda.

Avvalroq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirokidagi anjumanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev may oyida Xitoyga ishchi tashrifini amalga oshirishi ma'lum qilingani haqida xabar bergandik.

 

Mavzuga oid