12:12 / 01.05.2017
16289

Biologlar o‘latning yo‘qolib ketmagani sababini aniqlashdi

Olimlar eng xavfli yuqumli kasalliklardan biri – vaboning butunlay yo‘qolib ketmagani sababini aniqlashdi. Uning Yer yuzidan yo‘qolmaganiga kasallikni keltirib chiqaruvchi o‘lat tayoqchasining o‘ziga xos oqsildan foydalangan holda amyobalar ichiga yashirinib olishi sababdir. U "meni yema" degandek, o‘ranib oladi, deyiladi Applied and Environmental Microbiology jurnalida e'lon qilingan maqoolada.

"Ma'lumki, vabo tayoqchasi hisoblanuvchi Yersinia pestis bir kemiruvchidan ikkinchisiga burgalar yordamida ko‘chadi. Ayni ushbu hasharot inson kasallanishiga ham sabab bo‘ladi. Kemiruvchilar soni kamaygan vaqtda bakteriyalar ko‘payishi qiyinlashadi. Ayni shunday holatda tayoqcha amyobalar ichida yashirinib oladi va o‘ziga qulay vaqtni kutadi", — deya hikoya qiladi AQShning Vashington shtatidagi Pullman universiteti vakili Viveka Vadivalu (Viveka Vadyvaloo). 

Tarixdan ma'lumki, insoniyat "o‘lat" alomatlariga o‘xshash bir necha yirik epidemiya tarqalishini boshidan kechirgan. Vizantiya va O‘rta yer dengizida 6 asrda tarqalgan Yustinian vabosi shunday epidemiyalarning birinchilaridan hisoblanadi. O‘shanda 100 mlndan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan. O‘rta asrlar, ya'ni 14 asrda Yevropa aholisining 1/3 qismining umriga zomin bo‘lgan "qora ajal" yana bir yirik tibbiy fojialardandir. 18- va 19-asrlarda Osiyoda tarqalgan o‘lat kasalligi ham ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgani bilan tarix sahifalarida qayd etilgan. 

So‘nggi bir necha yillarda irsiyshunoslar o‘sha vaqtlarda halok bo‘lganlarning suyaklaridan ushbu kasallik bakteriyalarining DNK namunalarini olishni uddalashdi. Tadqiqotlarda mazkur kasalliklarga ko‘rinishidan turli xil bo‘lgan yagona bakteriya — Yersinia pestis namunalari sabab bo‘lgani oydinlashdi. Paleogenetiklar fikricha, vabo insoniyatni uning Yevropa va Osiyo uzra tarqalishi davomida ta'qib qilgan hamda so‘nggi 10-15 ming yil davomida vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lgan va g‘oyib bo‘lgan. 

Vadivalu va uning hamkasblari ushbu kasallikning bu qadar uzoq yashay olgani sababini aniqlashga qaror qilishdi. Axir, so‘nggi epidemiya chog‘ida u boshqa odamlarga kasallikni boshqa kemiruvchilar va odamlarga tarqatishga ulgurmasdanoq, bemorlarni halok etib ulgurgan edi. Shunday ekan, nazariy jihatdan bakteriyalar ham yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi. 

Olimlar nima uchun shunday bo‘lmaganini aniqlashdi. Ma'lum bo‘lishicha, kasallik mikroblari immun tizimining maxsus hujayrasi - makrofaglar tomonidan "yutib yuborilsa" istalgan vaqtgacha saqlanishi mumkin ekan. Ko‘rinishi va faoliyati jihatidan amyobalarga o‘xshab ketadigan sodda hujayralilarning bu ishini Yersinia pestis hamda boshqa ko‘plab xavfli kasallik qo‘zg‘atuvchilar o‘zlashtirib olgan. 

Olimlarning fikricha, amyobalar vabo tashuvchilarining tabiiy omborxonasi vazifasini bajarishi mumkin. Ular bu g‘oyani tekshirib ko‘rish uchun maxsus tajriba ham o‘tkazishdi. Olimlar vabo tayoqchasining eng xavfli uch namunasini o‘stirib, odatdagi tuproq amyobasi Acanthamoeba castellanii to‘dasiga kiritishdi.

Bir muddatdan so‘ng, olimlar probirkalarga vabo tayoqchalarini o‘ldiradigan moddalarni solishgan va amyobalarda Yersinia pestis bakteriyasining "tirik" hujayralari bor-yo‘qligini aniqlashdi. Buning uchun biologlar amyobalarning hujayra qobiqlarini "eritib", tayyor bo‘lgan eritmani bakteriyalar o‘sishiga qulay muhitga joylashdi. 

Xabarlarga ko‘ra, bakteriyalar o‘zlarining “tirilish”iga imkoniyat beruvchi sharoitda ko‘paya boshlagan. Ularni tirilishining asosiy siri esa Yersinia pestis ishlab chiquvchi va amyobalarning kimyoviy tilida "meni yema" degan ma'noni bildiruvchi oqsillarda edi. Olimlar ushbu oqsilni ishlab chiqarishga mas'ul bo‘lgan genni yo‘qotishganidan so‘ng, amyobalarga kirgan vabo tayoqchalari "erib" keta boshlagan. 

Olimlarning taxmin qilishlaricha, vabo kasalligining hamon rivojlanayotgan mamlakatlarni tahlikaga solib turganini shu bilan izohlash mumkin. Ushbu mintaqalarda amyobalar va vabo tayoqchalarini o‘rganish xavfli kasallik paydo bo‘lish muddatlarini oldindan taxmin qilish imkonini bergan bo‘lar edi. 

Mavzuga oid
Top