O‘zbekiston | 17:44
568
3 daqiqa o‘qiladi

Ebola virusining O‘zbekistonda tarqalish xavfi past - Sanepidqo‘mita

Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini ma’lum qildi va Ebola virusi tarqalgan mamlakatlar va mintaqalarga sayohat qilmaslikni tavsiya etdi.

Foto: David McNew / Getty Images

Ebola virusi infeksiyasi jiddiy kasallik bo‘lsa-da, O‘zbekistonda tarqalish xavfi past, deb xabar berdi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi.

Qayd qilinishicha, virus Afrika qit’asida tez-tez uchraydi va insonga kasal hayvonlarning qon, najas, siydik, ter, so‘lagi va boshqa tana suyuqliklari orqali yuqishi mumkin. Ebola virusi infeksiyasini davolashning o‘ziga xos usuli yo‘q, infeksiyalangan odamlarni davolash simptomatik terapiya bilan amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda Afrikada Ebola bilan kasallanish bo‘yicha 263 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Kongo Demokratik Respublikasi epidemiya markazi hisoblanmoqda. Biroq, JSST Ebola global pandemiya chaqirish ehtimoli past deb baholamoqda.

Xabarga ko‘ra, kasallikni O‘zbekistonga kirib kelishini oldini olish maqsadida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan davlat chegaralarida tibbiy kuzatuv olib borilmoqda.

Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini ma’lum qildi va Ebola virusi faol tarqalgan mamlakatlar va mintaqalarga sayohat qilmaslikni so‘radi.

Shu bilan birga, quyidagi ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qildi:

  • yovvoyi hayvonlar bilan aloqa qilishdan saqlanish: primatlar (maymunlar, shimpanzelar) va ko‘rshapalaklar yashaydigan joylarga bormaslik;

  • ekzotik taomlardan saqlanish: yovvoyi hayvonlarning go‘shti yoki xom ovqatlarni yemaslik;

  • kasal odamlardan – nafas olish yo‘llarida shamollash alomatlari, isitma, toshma yoki qon ketish belgilari bo‘lgan odamlardan xavfsiz masofani saqlash;

  • qo‘llarni iloji boricha tez-tez sovun bilan yuvish yoki dezinfeksiyalovchi vositadan foydalanish;

  • faqat qadoqlangan yoki qaynatilgan suv ichish;

  • endemik hududdan qaytgandan keyin 21 kun davomida sog‘liqni diqqat bilan kuzatish (bu standart inkubatsiya davri);

  • agar isitma, holsizlik, qusish yoki diareya paydo bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish;

  • agar yaqinda epidemiya xavfi bor hududga sayohat qilgan bo‘lsangiz, shifokorga xabar berish.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid