Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni «O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya agentligining faoliyatini takomillashtirish choralari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

Ma'lumki, mahalliy mahsulotlarning sifati va xorijiy bozorlardagi raqobatdoshligini ta'minlashning muhim omillaridan biri standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi milliy normativ-huquqiy bazaning xalqaro talablarga mos darajasi, shuningdek, respublikamizning sinov va o‘lchash laboratoriyalari moddiy-texnik bazasining holati hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasida keyingi yillarda ko‘rsatib o‘tilgan soha va tarmoqlarda aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 

Xususan, mazkur sohada qonuniy bazani takomillashtirish doirasida xalqaro qoida va amaliyotni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida” (2009 yil) va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi (2013 yil) qonunlari qabul qilindi. Ushbu qonunlar ichki bozorning sifatsiz mahsulotlardan himoya qilinishi hamda respublikamiz laboratoriyalari tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalarining xalqaro darajada tan olinishini ta'minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida” va “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunlariga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun sertifikatlashtirish hamda standartlarni qabul qilish va joriy etish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati keskin qisqartirildi. Eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi belgilandi, o‘lchash vositalarini tayyorlash, sotish va ijaraga berish faoliyatini litsenziyalash jarayoni bekor qilindi. 

Sertifikatlashtirish va standartlashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash me'yorlari bekor qilinib, mansabdor shaxslarning ma'muriy javobgarligi kuchaytirildi. Shuningdek, 23 ta texnik reglamentni qabul qilish hisobiga 700 dan ortiq standart ixtiyoriy turga o‘tkazildi.