O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni qator davlatlarning O‘zbekistondagi yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Prezident diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratishini ta'kidladi.

«O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab puxta o‘ylangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Uning zamirida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, an'ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassamdir», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan O‘zA. 

«O‘zbekistonning tashqi siyosati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan asosiy huquqiy tamoyillarga va Konstitutsiyamizga, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos holda amalga oshirilmoqda. 

Biz bundan buyon ham tashqi siyosatimizni olib borishda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida belgilangan strategik vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarga tayanamiz. 

Biz o‘zimiz tanlagan, tinchlikparvarlikka asoslangan, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy vositalar bilan hal etishga qaratilgan yo‘lga doimo sodiqmiz», dedi davlat rahbari. 

«Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obektlarining O‘zbekiston hududida joylashuviga, harbiylarimizning chet ellardagi operatsiyalarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik davlatimizning qat'iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qoladi. 

Tashqi siyosat sohasidagi barcha hamkorlarimizga nisbatan ochiqlik va xayrixohlik ruhida, pragmatik siyosat olib boramiz», deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan samarali munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Buning mustahkam huquqiy negizini Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tashkil etadi. Ushbu hujjat asosida ko‘p qirrali munosabatlarning ta'sirchan mexanizmlari – Hamkorlik kengashi va qo‘mitasi, Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi va boshqa tuzilmalar faoliyat ko‘rsatmoqda.