O‘zbekiston | 23:23 / 03.05.2017
67222
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 42 ta yangi GES quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "2017-2021 yillar uchun Gidroenergetikani rivojlantirish dasturi to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmatida xabar berildi

Unga ko‘ra, 2017-2021 yillarda Gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

“O‘zbekistonda 2017-2021 yillarda, 42ta yangi GES (gidro elektro stansiyalar) qurish va 32ta amal qilayotgan GESlarni zamonaviylashtirish rejalashtirilgan”, — deyilgan qarorda.

Qarorda respublikadagi gidroenergetika sohasining rivojidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi, xususan:

- ekologik sof qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng qo‘llash hisobiga elektroenergiya sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini izchil yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish;

- yirik, o‘rta, kichik va mikro-gidroelektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy hamda har tomonlama asosli ilmiy-texnik qarorlarni joriy qilish hamda shu asosda respublikadagi energetika balansi tuzilmasidagi gidroenergetik quvvatlar ulushini oshirish;

- respublika suv salohiyatini asrab-avaylashni rag‘batlantirishni ta'minlash, gidrotexnik inshootlarni qurish davomida mavjud flora va faunani saqlab qolish, shuningdek suv resurslarini samarali boshqarish;

- transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha majburiyatlar va ratifikatsiyalangan xalqaro kelishuvlarga rioya qilish.

Prezident qarori Respublika energetika balansida qayta tiklanadigan energiya manbalari miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish va shu asosda ekologik toza generatsiya manbalari yaratish, mavjud bo‘lgan gidroelektro stansiyalarni  texnik va texnologik qayta jihozlash, xalqaro tajribani hisobga olib suv manbalaridan samarali foydalanish, energetika manbalarining o‘zaro muvofiqligi darajasini oshirish va shuning hisobidan aholi va korxonalarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida qabul qilingan.

Mavzuga oid