18:08 / 05.05.2017
69999

O‘zbekistonda xodimlar dam olish kunini o‘z hisobiga sotib olishdimi yoxud Mehnat vazirligi nega jim?

2017 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bayram kunlarida aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator hujjatlar imzolangani barchangizga ma'lum. Xususan, 2 yanvar dushanba kuni dam olish kuni deya e'lon qilindi. Navro‘z bayrami hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mos ravishda ish kunlari ko‘chirilib, 20 mart hamda 8 may kunlari barcha aholi uchun dam olish kuni deya e'lon qilindi.

Oxirgi ikkita qaror keng jamoatchilik orasida qizg‘in muhokama qilindi. Chunki O‘zbekiston qonunchiligida shunga o‘xshash avvalgi qarorlarning barchasi haftasiga 5 ish kunida faoliyat olib boradigan xodimlarga taalluqli bo‘lardi. Ammo bu safargi qarorlar butun mamlakat aholisiga, jumladan 6 kunlik ish haftasidagi xodimlarga ham taalluqli tarzda chiqarildi. Buning natijasi esa barchangizga ma'lum – 20 mart dushanba kuni barcha xodimlar rasman dam oldi, ta'lim muassasalarida esa o‘qish bo‘lmadi.

Yaqinda Maslahat.uz guruhida Prezident qarori bilan 8 may dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilinganligi haqidagi muhokamada foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan ayrim izohlar «Kun.uz» saytining diqqatini tortdi va shu bo‘yicha jurnalistik surishtiruv olib borildi.

Xususan, Elyor Abdikulov ismli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi quyidagi fikrlarni bildirgan:

“Nega o‘tgan safar 6 kun ishlaydiganlarga 25 kun ish kuni 1 kunga kamaytirilmadi? Buning oqibatida tabelda 24 kun, davlat byudjyet korxonalari dasturi «Uzasbo»da 25 ish kuni yozildi. Bu qarorga sharhni faqat Mehnat vazirligi yozishi mumkin. Chunki yillik kalendar ish rejasini ular tuzadi, o‘zgartirish kiritadi.

20 mart kuni ishlamadik va shuning hisobiga 1 kun oyligimiz ushlab qolindi. Shunga bu safar xodimlarimiz ishlaymiz, 1 kunlik ish haqi kerak deyishyapti”.

Shunga o‘xshash izohni Zulfiqor Aslanov ismli foydalanuvchi ham qoldirgan va “yana martdagidek oylikdan olib qolishadimi”, deya savol bergan.

Ushbu holatni batafsil o‘rganib chiqqach, quyidagilar aniqlandi:
1.    Prezident Sh. Mirziyoyevning 2017 yil 16 martdagi PQ-2839-sonli qaroriga binoan, 20 mart dushanba kuni dam olish kuni deya e'lon qilindi va hamma dam oldi.
2.    Shunga ko‘ra, mart oyida haftasiga 6 ish kunida ishlaydigan xodimlar 24 kun ishlashdi, 7 kun dam olishdi. Buni quyidagi suratdan ham ko‘rish mumkin.

3.    Biroq Mehnat vaziri o‘rinbosari B.Nizomov tomonidan 2017 yil 17 mart kuni imzolangan №02-05/1224-sonli xatda 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlarda mart oyi uchun 25 ish kuni bo‘ladi, deya tushuntirish berilgan va barcha vazirlik, idora, tashkilotlarga yuborilgan.

4.    Natijada 20 mart kuni dam olgan barcha xodimlar go‘yoki bir kun ishga chiqmasdan progul qilgan hisoblanib qoldi. Chunki barcha xodimlarning tabellarida “24 kun ishga chiqdi” degan ma'lumot kiritilgan.

Hozircha Kun.uz Mehnat vazirligi tomonidan yuzaga keltirilgan tushunmovchilik sabab haqiqatdan xodimlar 1 kunlik ish haqini yo‘qotdimi yoki yo‘q, bu bo‘yicha aniq ma'lumotlarga ega emas.

Shu o‘rinda, biz ushbu masala bo‘yicha rasman vazirlik vakillariga quyidagi savollar bilan yuzlanmoqchi edik:

1.    Nima sababdan mart oyiga belgilangan ish vaqtida bunday tushunmovchilik kelib chiqdi?
2.    Xodimlarning mart oyida 1 kunlik ish haqini yo‘qotganligi haqidagi gaplarida qanchalik jon bor?
3.    Prezident Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 2 may kunidagi qarori bo‘yicha, 8 may dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilindi. Ushbu qarorning ijrosi bo‘yicha yana oldingidek muammolar kelib chiqmaydimi?

Mavzuga oid
Top