Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylariga bo‘lgan munosabat O‘zbekiston mustaqillikka erishgach Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan keskin o‘zgardi. Albatta, ijobiy tomonga. Har yili “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan ular uchun yangi qarorlar, farmonlar imzolandi, imkoniyatlar taqdim etildi. Aytish mumkinki, bu xayrli ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham davom ettirilmoqda.
Ammo tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlardan biri bir tomondan juda qayg‘uli va juda hayratlanarli. Unda tilga olinishicha, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan bo‘lgan fuqaro 1941 yilda urushga ketadi. Urush tugagach, yana armiya xizmatida bo‘ladi. Bu orada uning oila a'zolariga uning bedarak ketgani haqida maktub kelib tushadi. Vaqt hamma narsaga davo. Bora-bora qarindoshlar bu shum xabarga ko‘nikib qolishadi. Kunlardan bir kun u uyga qaytib keladi va shundan buyon to bugunga qadar uning ismi barcha yerda – Toshkent va Qarshidagi Xotira maydonlaridagi kitoblarda ham, hokimiyat va boshqa tashkilotlar ro‘yxatida ham “bedarak yo‘qolgan”ligicha qolib ketdi. Quyida boboning nabirasi tomonidan tahririyatimizga yo‘llangan maktubni havola etamiz.

“Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Beshchashma” MPT, Mirzato‘p qishlog‘ida yashovchi Xidir buva Eshaliyev 1926 yil tug‘ilgan. 1944 yil harbiy xizmatga chaqirilgan. O‘sha yilning 12 aprelidan sobiq ittifoq armiyasining 125-zenit polki tarkibida 1945 yilning 9 mayiga qadar nemis-fashistlariga qarshi kurashgan. G‘alaba qo‘lga kiritilgandan so‘ng 1949 yilning 4 dekabrigacha Qizil bayroqli Boltiq floti tarkibidagi 90648-sonli harbiy qismda o‘qchi vazifasida xizmat qilgan.

Lekin o‘sha davrning taloto‘plarida nimadir bo‘lib, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kirib qolgan. 1949 yil harbiy xizmatdan qaytib kelib, Chiroqchi tumani harbiy bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turavergan. Qarshidagi va Toshkentdagi Xotira maydonida hamda Qashqadaryo xotira kitobida ham bedaraklar ro‘yxatida turibdi...

Uni bayramlarda, tantanalarda hech kim yo‘qlamaydi. Chunki 1944 yil bedarak ketgan degan xat kelgan. “Kattalar”ning ko‘zining oldida 68 yildan beri yashab-ishlab yurgan bo‘lsa ham bedarak. Chunki 44-yil shunday xat kelgan. Bobo hozir 91 yoshda. Buni qarangki, bedarak ketgan degan odam qaytib kelsa, yana 68 yil yashasa, uylansa, bolali-chaqali, nevara-chevarali bo‘lsa...kim o‘zi u odam, deb so‘raydigan odam bo‘lmasa...
















