Bugun, 7 may kuni Fransiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi: kun oxiriga borib, mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan keyin (Toshkent vaqti bilan soat 23:00) respublikani keyingi 5 yil davomida kim boshqarishi aniq bo‘ladi.

O‘zgarishlar
23 aprel kuni saylovlarning birinchi turi o‘tkazildi va unda markazchi, «En Marche» harakati yetakchisi Emmanuel Makron hamda «Milliy front» partiyasi rahbari Marin Le Pen mos ravishda 24,01 foiz hamda 21,3 foizdan ovoz olib, ikkinchi turga yo‘l olishdi.

2017 yilgi saylovoldi kampaniyasi mamlakat tarixidagi eng mojarolisi bo‘ldi. Praymeriz yakunida Beshinchi respublika davrida ilk marta amaldagi prezident ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortdi. Olland nufuz bo‘yicha antirekordlarni qayd etib ulgurgandi ham. Fuqarolar Parij va Sen-Denidagi qonli teraktlar tufayli unga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishdi.

Shuningdek, ikki muqobil nomzod ikkinchi turga o‘tdi. O‘n yillar mobaynida boshqaruvda bir-birini almashtirib kelgan o‘nglar va so‘llar esa bu safar bort ortida qolishdi: hukumatdagi Sotsialistlar partiyasi vakili, sobiq ta'lim vaziri Benua Amon birinchi turda atigi 6,36 foiz ovoz oldi. U o‘z partiyadoshlarini Makronni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Kampaniya avvalida favorit hisoblangan respublikachilar partiyasi nomzodi Fransua Fiyon esa fevral oyida rafiqasi bilan bog‘liq mojarolar markazida qolgach, birinchi turda uchinchi bo‘ldi - 20,01 foiz.

Efirdagi duel: Makron va Le Pen debatda bir-birlarini tinimsiz aybladi

Beshinchi respublikaga sakkizinchi prezident
Beshinchi respublika davridagi prezidentlik saylovlari 11-marta o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari 5 yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Saylovlarda mamlakatning 18 yoshga to‘lgan fuqarolari ovoz berish huquqiga ega, Fransiyadagi saylovchilarning umumiy soni 47 millionga yaqin. Respublikaning hozirgi prezidenti Fransua Ollandgacha Sharl de Goll, Jorj Pompidu, Valeri Jiskar d'Esten, Fransua Mitteran, Jak Shirak va Nikolya Sarkozi kabi siyosatchilar mamlakat rahbarlari bo‘lgan.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan soat 11:00) ochiladi va soat 20:00da yopiladi. Shu vaqtdan boshlab ilk natijalar e'lon qilina boshlanadi.

Bugun Fransiyaning dengiz ortidagi hududlarida prezident saylovi boshlangan (Hind okeanidagi Mayotta va Reyunon orollari, Tinch okeanidagi Yangi Kaledoniya va Uollis hamda Futuna orollari). Shuningdek, Fransiyaning Amerikadagi elchixona va konsulliklarida, G‘arbiy yarimshardagi Gvadelupa, Sen-Marten, Sen-Bartelemi, Gviana, Martinika, Sen-Per va Mikelon, shuningdek Frantsuz Polineziyasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.