22 may oqshomida Manchester shahridagi Manchester Arena yopiq stadionida portlash ro‘y berdi. Bu vaqtda amerikalik xonanda Ariana Grandening konserti bo‘layotgandi. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgan, 59 kishi jarohatlangan.

Jabrlanuvchilar yaqin shifoxonalarga olib borilgan, ba'zi kishilarga stadionning o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. BBC News xabariga ko‘ra, ko‘pchilikda mix sanchilishi tufayli jarohatlar qayd etilgan.

Portlash haqidagi axborot mahalliy vaqt bilan soat 22:35 da (Toshkent vaqti bilan 02:35 da) kelib tushdi. Hodisaga oid videolar tarqalgan.

Hozircha portlash qanday sodir etilgani haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. Huquq-tartibot organlari hodisani terrorchilik akti sifatida ko‘rib chiqmoqda. Amerikadagi nashrlar portlash terrorchi xudkush tomonidan sodir etilgani haqida ma'lum qildi.

Stadion joylashgan Cathedral Garden tumani aholisiga uylardan chiqmaslik so‘raldi, hududda politsiyachilar navbatchilik qilmoqda.

Manchesterdagi portlashga oid ilk videolar tarqaldi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Manchesterdagi hodisani «qo‘rqinchli terroristik akt» deya baholadi va qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Dunyodagi ko‘plab mamlakatlar rahbarlari bu teraktni qoralamoqda.