Mana, oylar sultoni Ramazoni sharif ham eshik qoqib turibdi. Halimlik, go‘zallik va barakalarga to‘la bu oyda yurtimiz bo‘ylab qanday xayrli ishlar amalga oshiriladi, ana shu haqda, muslim.uz muxbiri Davron Nurmuhammad O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov bilan suhbatlashdi.
— Assalomu alaykum. Ustoz, hademay muborak Ramazon oyi boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi avvalgi yillardan farqli o‘laroq ushbu mavsumga qanday tuhfalar hozirladi?
— Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga salovotu salomlar bo‘lsin. Har bir mo‘min muborak Ramazon boshlanishini sog‘inib, katta tayyorgarlik bilan kutib oladi. Diniy idoramiz tomonidan Ramazonga tayyorgarlik ham ana shunday shukuh bilan ado etildi.
Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “2017 yilgi Ramazon oyi va hayiti munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. 2017 yil 18 may kuni “O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda muborak Ramazon oyini munosib kutib olish, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, ibodat qiluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va imom-xatiblarda mas'uliyat hissini yanada oshirish maqsadida” maxsus buyruq ishlab chiqildi. Unda musulmonlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, joylarda iftorlik va saharliklarni ixcham, dabdabasiz shaklda o‘tkazilishini e'tiborga olish, saxovatpesha kishilarni xayriya tadbirlariga jalb qilishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish kabi masalalar belgilab berildi. Masjidlarda tozalik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, unda masjidlar xonaqo, ayvon, tahoratxonalariga e'tibor berilib, namozxonlar uchun yetarli sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga asosan diniy idora tasarrufidagi bilim yurtlari va Imom Buxoriy xalqaro markazida Ramazon oyini munosib kutib olish uchun tayyorgarlik ishlariga jiddiy e'tibor qaratildi. Ramazon oyi davomida pedagog-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, talabalar va markaz tinglovchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, saharlik va iftorlik dasturxonlarini sifatli hamda o‘z vaqtida tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
— Yurtimizdagi nechta masjidda xatmi Qur'on o‘qilishi kutilmoqda?
— Ma'lumki, Mustaqilligimizning dastlabki yillari malakali diniy kadrlar, imomlar, xususan hofizi Kalomilloh bo‘lgan qorilar yetishmasligi sababli, qator qiyinchiliklarga duch kelinar edi. Ramazon kunlari taroveh namozida xatm 5-6 kunda o‘qilib, namozxonlarga muayyan qiyinchiliklar tug‘ilar edi. Bugungi kunda, alhamdulillah, qorilarimiz yetarli.

















