Islohotlarni, yangilanishni olqishlash bilan birgalikda har birimiz mavjud holatimizning tahlilini qilishimiz hamda ertangi kunimizning rejasini tuzish borasida fikr yuritmog‘imiz foydadan xoli emas. Zero, ko‘pchilik bo‘lib puxta tuzilgan reja harakatlarning samarali bo‘lishi uchun muhim omildir. Quyidagini shu rukndagi urinish, deb bilgaysizlar.

Birinchi qism. Tili bor raqamlar

Bir nechta raqamlar borki, ular bizga mavjud holatimizni yaxshigina tasvirlab berishga qodir. Ularga bir qarab nafaqat mavjud holatni, balki nima qilsak qisqa davrda jadal ravishda rivojlanib olishimiz mumkinligini ham anglab yetamiz. Shunday raqamlardan ba'zilarini tilga olamiz:

4,4 million gektar

Bu raqam — mamlakatimizda mavjud bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar hajmi. Hozirda ular fermer xo‘jaliklariga berilgan. Bu raqam bizga nimalarni «aytib berishi» mumkinligini keyingi raqamlarga qarab bilib olamiz.

2,3 million

Bu raqam — birgina Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan o‘zbekistonliklarning rasmiy ro‘yxatga olingan soni. Boshqa xabarlarga ko‘ra, bu son 4 milliondan ziyod.

Qo‘shimcha qilib shuni aytish kerakki, ularning asosiy qismini qishloq farzandlari, ya'ni aksar yerda ishlashni yaxshi ko‘radigan yigitlar tashkil etgan bo‘lib, ish yo‘qligidan chetda ishlashga majbur bo‘lmoqdalar.

22 millard dollar

Bu raqamning mamlakatimizga aloqasi yo‘qdek, ammo uni ham keltiramiz. Bu raqam birgina Rossiya Federatsiyasida hozirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridagi yillik yetishmovchilikni bildiradi. Ma'lum voqealardan so‘ng, bu mamlakatga nisbatan g‘arb davlatlari tomonidan iqtisodiy choralar ko‘rilib, yetishmovchilik shu darajaga yetdi.

Nega aynan bu uchta raqam keltirilgani barchamizga tushunarli, deb mulohaza qilamiz-da, davom etamiz.

Endi bu raqamlarga qarab yengil tahlilni amalga oshirsak bo‘ladi. Xo‘sh, nimalarni bilib oldik?

Birinchidan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yaroqli bo‘lgan yerlarimiz anchayin ko‘p ekanligini. Buni yaxshiroq anglashimiz uchun yana bitta raqam keltiramiz — 300 ming gektar. Bu raqam qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘p davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘ygan davlat — Isroil davlatining sug‘oriladigan yerlari hajmini bildiradi. Taqqoslaymiz. 4.400.000 gektar bizda — 300.000 gektar Isroilda.