Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mulohaza: O‘zbekistonda faol qatlamni yuzaga keltirish imkoniyatlari
Mustaqil tahlilchi Shokir Sharipov O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy faol qatlamni yuzaga keltirish istiqbollarini o‘z maqolasida mushohada qildi.
Uning «O‘zbekistonda yer o‘z egasiga topshirilishi kerak: raqamlar, mulohaza va mushohada» sarlavhali maqolasi bundan oldinroq saytda nashr etilgan edi.
Ikkinchi qism. Faollik sirlari
Har qanday faollikning zamirida stimul yotadi. Stimul bo‘lmasa faol, g‘ayratli bo‘lishingizga yo‘l bo‘lsin. Uyingizda murg‘ak, yaqindagina dunyoga kelgan, himoyasiz bir tirik mavjudot bo‘lsa-yu, uning tirikligi sizning harakatlaringizga, faolligingizga bog‘liq bo‘lsa, faol bo‘lmay ko‘ring-chi! Boz ustiga u sizning pushti kamaringizdan dunyoga kelgan bo‘lsa. Uning ta'minoti yo‘lida «gastarbayter» bo‘lishdan ham tonmaysiz! Mana, bir necha million yigitlarimiz shu holda yurishibdi.
Ammo bu — stimulning bitta turi, xolos.
Boshqa misol. Tasavvur eting — «gastarbayter»siz. O‘zga yurtda og‘ir ishlarni qilib, oilangizga biroz pul jo‘natib turibsiz. Bola-chaqangiz sog‘inchidan qalbingiz tilka-pora. Boz ustiga, yerlik aholi sizga past nazar ila qaraydi, turli haqoratlarni eshitib ham turasiz. Bir kun uyingizdan xabar keldi: sizga bir gektar yer beriladigan bo‘ldi! «Ol, egalik qil, obod qil, eplasang — zurriyodingga qoladi», deyildi. Davlat tomondan ish rivoji uchun qarz ham, boshqa ko‘mak ham beriladigan bo‘ldi. Prezident esa o‘zini Sizning himoyachingiz, deb e'lon qildi. «Obod Vatan quramiz» va boshqa shiorlar aytildi. Faqat endi bu shiorlar «quruq» emas, balki bir gektar yer bilan, rostakamiga ko‘mak bilan, rostakamiga imkoniyatlar, rostakamiga ochiq chegaralar bilan quvvatlanadigan bo‘ldi! «Topgan foydangga bolalaringni o‘qimishli qil, olim qil, ota-onangni rozi qil, mahallangni obod qil, muhtojlarga yordam qilib oxiratingga zaxira yig‘!» deyildi. Bu — stimulning yana bir turi.
Bunday stimul evaziga erishiladigan foydalarni tilga olamiz:
- o‘zga yurtda mensilmay, ruhi cho‘kib, o‘zligini tanimay, kimlarning avlodi ekanligini bilmay, «holim shu ekan-da», deb yurgan bir necha million o‘g‘lonning qaddini ko‘tarib, ustini qoqib, o‘zligini tanitib, buyuk yurtga kerakligini bildirib qo‘yish;
- shaxsiga nisbatan bildirilgan umid va ishonchni belgilovchi, shaxsan prezident tomonidan imzo chekilgan, tagida bir gektar yerni uning qo‘liga topshiruvchi «Kelajakka yo‘llanma» yorlig‘ini uning qo‘liga berib, millat oldidagi mas'uliyatini bildirish;
- millat va davlatning suyanchig‘i bo‘la oladigan, ongli ravishda, buyruq va topshiriqlarsiz ham yurt ravnaqi uchun xizmat qiladigan, rivojlanishning har qanday vositasini birov buyurmasa ham qo‘llashga ishtiyoqi zo‘r kuchli bir toifani vujudga keltirish;
- faqat kuchli nazorat ostida, tazyiq va tekshiruvlar ostidagina tuzuk ishlaydigan, «mansab borligida foydalanib qolish» ilinjida ishlaydigan byurokratik «armiya»dan farqli o‘laroq, o‘zidan bilib yaxshiliklarni yaratadigan, Vatan ravnaqini o‘zining ravnaqidan ayri ko‘rmaydigan SINFni vujudga keltirish;
- byurokratik sistemani nazorat etishda prezidentga ko‘makdosh bo‘ladigan SINFni vujudga keltirish;
- maorif, tibbiyot va boshqa sohalarning rivojini o‘z tanasidagi rivoj, deb biladigan, bu yo‘lda sa'y-harakatini ayamaydigan SINFni vujudga keltirish.
Stimul va uning do‘stlari
Shaxsiy mulkka egalik qilish, uni rivojlantirishga qiziqish — o‘z-o‘zidan insonlarni harakatga keltiruvchi kuchli stimuldir. Ulkan g‘oyalarni yuzaga keltiruvchi va ro‘yobga chiqaruvchi ham shu kuchdir. Qaysi mamlakatda bunday stimul bilan harakatga keltirilgan shaxslar ko‘p bo‘lsa, shu mamlakat kuchlidir.
Tadbir ila ish yuritayotgan har bir hukumat hozirda o‘z mamlakatida mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aynan shu toifa kishilarning, ya'ni mulkdorlarning ko‘p bo‘lishiga harakat qiladi. Zero, bu toifa mamlakat rivojini o‘ta zo‘r ta'minlab beruvchi kuchdir.
Tabiiyki, biz ham yurtimizda imkon qadar ko‘proq mulkdorlarning, shaxsiy mulk stimuli ila stimullangan kishilarning ko‘p bo‘lishi uchun o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib urinmog‘imiz darkor.
O‘z-o‘ziga bek
Fe'limiz o‘ziga xos — o‘zimizga o‘zimiz bek bo‘lishni yaxshi ko‘ramiz. Birovga tobe bo‘lishni jinimiz suymaydi. Oylik maosh olib biron katta korxonada ishlashdan ko‘ra o‘zimiz, kichikroq bo‘lsa ham, korxonaning egasi bo‘lishni istaymiz. Shunaqamiz.
Millatimizning bu xususiyatini ham foydaga yo‘naltirmoq kerak. Zero, bu ham kishilarimiz uchun kuchli stimul bo‘lib, bo‘lajak islohotlarning negizidagi asos bo‘lishga arziydi.
Mulk egasi bilan xizmatchi orasidagi farq
Globalizatsiya degan narsa dunyoga keltirgan fenomenlardan biri, bu — yirik va o‘ta yirik korxonalar (korporatsiyalar)ning vujudga kelishi va bunday korporatsiyalarda ishlaydigan kishilar o‘z korxonalariga nafaqat moddiy, balki ma'naviy bog‘lanib ham qolayotganlaridir. Hayotu-mamoti, fikru-zikri korxona rahbarlarining kayfiyatiga bog‘lanib qolayotgan qatlamning tobora o‘sib borayotganidir.
Bu jarayon natijasida ko‘plab mamlakatlarda moddiy va ma'naviy birovga bog‘lanib qolgan, o‘z fikriga ega bo‘lmagan, ertangi kunining rejasini qilmaydigan, ruhan nogiron qatlam yuzaga kelmoqda. Tabiiyki, bunday ruhan va ma'nan nochor «armiya»ni xohlagan ko‘yga solish mumkin va xohlagan kuyga o‘ynatish mumkin. Hayoti birov tomonidan tartiblangan, ertalab turib ishga borib, ishni bajarib uyiga qaytishdan boshqa fikri bo‘lmagan bunday zombisifat «armiya» hayot haqida chuqur fikrlashdan ojizlanib, real voqelikni anglamay qoladi.
Bundan farqli o‘laroq o‘z erki o‘zining qo‘lida bo‘lgan, real voqelikka ochiq ko‘z bilan qaraydigan, izlanish va novatsiya hayot tarziga aylangan mulkdorlar SINFidan tashkil topgan qatlam umuman boshqacha manzarani hosil etadi. Tadbirkorlik faoliyati yurtining tinch-totuvligi bilan bevosita bog‘liqligini bilgan mulkdor uchun nafaqat yurt tinchligi, balki dunyo tinchligi tushunchasi ham aslo begona bo‘lmaydi...
Shunday ekan, kelajak islohotlarni to‘g‘ri rejalashtirish jarayonida bilishimiz kerak bo‘lgan o‘ta muhim narsa shuki — TO‘G‘RI TARBIYa OLGAN, MA'NAVIY OZUQA ILA YeTIShGAN mulkdorlar SINFini vujudga keltirish bizlar uchun o‘ta muhim ishdir.
Yaratgan ato qilgan imkoniyat
Boshida tilga olganimiz raqam — 4,4 million gektar sug‘oriladigan yer — mamlakatimiz bo‘ylab o‘sha faol SINFni vujudga keltirishimiz uchun o‘ta qulay imkoniyatni beradi. Qisqa davr ichida yurtimizda bir necha million (!) faol, tepadan buyruq bo‘lmasa ham o‘z xo‘jaligini o‘zi rivojlantiruvchi EGAlarni vujudga keltirish imkoni bor. Bu imkoniyatdan unumli foydalanmog‘imiz, hali aytganimizdek, kompleks muammolarimizning yechimi bo‘la oladi.
Uchinchi qism. «Nima-pleks? — Kompleks!»
Iqtisodiyotimiz hozircha latent uyqu holatidadir. Salohiyatimiz esa ulkanligi ko‘rinib turibdi. Ammo har qanday salohiyatni yuzaga chiqarish uchun... jiddiy, salmoqli turtki kerak.
Salmoqli turtki
Aynan shunday turtki vazifasini to‘g‘ri rejalashtirilgan agrar islohot o‘tab berishi mumkin. Zero, bir necha million yer egasiga aylangan oilalarning iqtisodiy FAOLLAShIShI o‘z-o‘zidan mamlakatda buyuk iqtisodiy qo‘zg‘alishni yuzaga keltiradi. Bunday qo‘zg‘alish, tabiiyki, zanjir reaksiyasini keltirib, hamma sohani ijobiy ma'noda qo‘zg‘atib yuborish salohiyatiga ega.
So‘ngra...
So‘ngra biroz rivojga yuz tutgan tadbirkorlar «armiya»si o‘z faoliyatini kengaytirish, yanada rivojlantirish, ko‘proq foyda olish ilinjida har qanday novatsiyani izlab topib, tatbiq etishga kirishadi. Bu yil mahsulotini shundaygina sotgan tadbirkor kelgusi yil uni qayta ishlab sotishni istab qolishi tabiiy.
Ma'lumki, har qanday ekin-tekinning... chiqiti bor. Bunday chiqit esa hayvonlar uchun yemishdir. Tekin yemishingiz bo‘lsa, hayvon boqishni nogoh istab qolasiz. Aytmoqchi bo‘lganim — chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va hokazo «chiliklar» o‘z-o‘zidan, buyruq va farmoyishlarsiz ham, rivojga yuz tutadi shunda.
Eksportning olamshumul o‘sishi natijasida mamlakatga keladigan valyuta haqida, savdo-sotiqning rivojlanishi haqida, boshqa ko‘plab iqtisodiy yaxshiliklar haqida gapirib o‘tirishning, nazarimda, hojati yo‘q.
Ammo insoniy jamiyat faqatgina iqtisodiy farovonlikka intilish asosida qurilsa, bunday jamiyatning keti kesikligini, ma'naviy tanazzulga tezda uchrashini ko‘rib turibmiz. Moddiy farovonlikni maqsad qilib olgan jamiyatlar maqsadlariga erishgach, ruhiy bo‘shliqqa tobora mubtalo bo‘lmoqdalar. Halol-harom tushunchalari borgan-sayin yo‘qqa chiqmoqda. Bunday davlatlardagi ma'naviy tanazzulning izidan kelayotgan BATAMOM tanazzul ham demografik jarayonlar misolida «qulog‘ini ko‘rsatib» qoldi. Shuning uchun yo‘l avvalida yo‘nalishni to‘g‘rilab olmog‘imiz lozim.
Yo‘l oldida yo‘nalishni belgilab olish
«Ishlar niyatga bog‘liq!» — yetti osmonni yorib bizlarga tushgan haqiqat bu. Har bir islohot oldidan undan ko‘zlanadigan bosh maqsadlarni belgilab olmoq kerak.
Agrar islohot — xalqimiz uchun tiz cho‘kkan holatimizdan turib olib, qaddimizni rostlab, ko‘zimiz changini artib, kimligimizni eslab, esimizni joyiga tushirib olishimiz uchun imkoniyat.
Birovlarning xizmatini qilib yurgan xalq emas, balki dunyoga ustozlik qilgan xalq ekanimizni eslash uchun imkoniyat. Boshqalarga pastdan tepaga qaragan xalq emas, balki dunyoga ruhiy ozuqa ulashadigan xalq ekanimizni eslash uchun imkoniyat. Moddiy dunyoga sig‘inadigan xalq emas, balki moddiy dunyoni to‘g‘ri tasarruf etish ilmining bayonini qilib bergan xalq ekanligimizni eslash uchun imkoniyat. Boylik topaman, deb go‘zal sayyoramizni abgor qilayotganlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘yishga qodir xalq ekanimizni eslash uchun imkoniyat.
Agrar islohot — tarix onlarining birida o‘zligini yo‘qotib qo‘yib, oqibatda sha'ni toptalgan xalqimiz uchun avvalo nochor holatidan chiqib olib, so‘ng avvalgi sha'nini tiklab olish uchun imkoniyat.
Agrar islohot — millionlab kishilarimizni xususiy mulk egasi etish vositasida ushbu Vatanga EGA ekanliklarini bildirish uchun imkoniyat.
Agrar islohot — millionlab kishilarimizni FAOLLIKKA undash asnosida moddiy farovonlik izidan ilmu-irfonga oshno qilish uchun imkoniyat. Bobolarimizni dunyoga peshqadam qilgan muqaddas ta'limotni qaytadan o‘rganib chiqib, ular erishgan cho‘qqilarni yangitdan zabt etish uchun imkoniyat. Ularni eng go‘zal xulqli qilgan odobni qaytadan tadqiq etib, uni dunyoga ko‘z-ko‘z qilish uchun imkoniyat!
To‘rtinchi qism. Ulkan zaxira
Moddiy dunyoni to‘g‘ri tasarruf etish ilmining bayonini qilib bergan fozil kishilarning ko‘plari shu yurt farzandlari — bobolarimizdir. Ruhiyat dunyosida o‘zni to‘g‘ri tutish ilmining bayonini qilib bergan olimlarning ham ko‘plari bizning bobolarimiz. Mamlakatimiz fondlari ularning asarlari bilan liq to‘la? Savol: kimda bor bunday zaxira?
Javobgarlik
Har bir narsani to‘g‘ri tasarruf etish ilmi aynan bizda bor. Hech bir soha yo‘qki, uni to‘g‘ri tarzda isloh etmoq ilmi bizda bo‘lmasa. Ammo bu ilm hozirda yodgorlik sifatida fondlarimizda saqlanmoqda. Bu ulkan ilmiy bazani qaytadan tadqiq etmoq asnosida voqe'lik bizga taklif etib turgan muammolarning yechimini topish lozim. Biz esa, hozircha, bu ilmni SAQLAB TURUVChI maqomidamiz, xolos. Yaratgan Zot bu ilmni bir xalqqa beradigan bo‘lsa, uni kutubxonalarda saqlab turish uchun bermaydi. Balki bunday ilmni avval yaxshi o‘zlashtirib, keyin o‘zga xalqlarga o‘rgatish uchun beradi. Jaholati yuzasidan o‘ziga, o‘zgalarga, tabiatga, yeru-ko‘kka zarar keltirayotganlarga to‘g‘ri yechimlarni o‘rgatib, yorug‘likka yetaklash uchun beradi. Buzg‘unchi kishilarning buzuq g‘oyalari ta'siri ostida qolgan, tushunmagan tarzda o‘z hukumatlarining tinch diyorlarni xonavayron qilishiga rozilik berib turgan xalqlarga holatlarini tushuntirib, ko‘zlarini ochib qo‘yish uchun beradi. Butunboshli iqtisodiyoti foizxo‘rlikka qurilgan dunyoga o‘zgacha, pok munosabatlarga qurilgan alternativ iqtisodiy algoritmni ko‘rsatib berish uchun beradi. O‘z naslini o‘zi xarob qilayotgan, bu ishini rasmiy qonunlar bilan mustahkamlayotganlarga buning halokatli yo‘l ekanligini asosli ravishda tushuntirib berish uchun beradi... Biz «gastarbayterlik» qiladigan xalq emas, balki mana shunday ishni qilishi lozim bo‘lgan xalqmiz! Buni qilish uchun esa...
Buni qilish uchun
Avvalo nochor holatimizdan chiqib olmog‘imiz kerak. Alloh taolo bizga bergan imkoniyatlaridan maksimal foydalanib, qisqa davr ichida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yirik eksportyoriga aylanishimiz lozim. (Bu degani boshqa turdagi ishlab chiqarish sohalarini «tashlab qo‘yish» kerak, degani emas, albatta. Balki voqe'likni hisobga olgan holda agrar sohani ustivor qilib belgilash kerak, degani).
Keyingi bosqichda esa ustivor maqsad etib TA'LIM SOHASINI rivojlantirish belgilanadi. Butun e'tibor farzandlarimizni ilmli qilishga yo‘naltiriladi...
So‘z so‘ngi
Bu ishlarni paysalga solmaslik uchun turtki vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan yana bir holat:
Genofond
Bir necha million yigitlar oilasini tashlab chetda yuribdi. Bolalar otasiz tarbiya ko‘rayabdi. Birato‘la ota va onasiz o‘sayotgan bolalar ham kam emas. Hozirda ular — bolalar, ammo ertaga — millatimiz asosini tashkil etadigan insonlardir. Bunday noqis ahvolda o‘sgan bolalar ma'nan yetuk, psixologik jihatdan sog‘lom bo‘lib yetishishlariga asosli ravishda gumon bilan qaramoq lozim... Bu esa bevosita genofondimizga salbiy ta'sir etuvchi holatdir...
Shokir ShARIPOV,
mustaqil tahlilchi