09:47 / 03.06.2017
74780

Mirziyoyev Andijonda yig‘ilish o‘tkazdi. Qanday masalalar ko‘rildi?

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, maqsadli dasturlar va investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2 iyun kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, kunning ikkinchi yarmida davlat rahbari viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda qatnashdi. Viloyatning barcha shahar va tumanlari videokonferensiya tarzidagi yig‘ilishni kuzatib bordilar. 

Kengaytirilgan yig‘ilishda asosan quyidagi masalalar ko‘rilgan:

- Viloyatda jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibot idoralari faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashish, profilaktika inspektorlari uchun xizmat uylari qurilishini o‘z vaqtida bajarish, aholi o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan keng targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;    

- aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, tibbiyot muassasalari talab darajasida faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish, tibbiyot xodimlari o‘rtasida poraxo‘rlik va tamagirlik illatlarini oldini olish;

- viloyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli tahdidlardan asrash, buning uchun hududda istiqomat qiluvchi DEO vakillariga imom-xatiblar mahalla fuqarolar yig‘ini, “Nuroniy”, “Kamolot” YoIH vakillarini biriktirish va ular faoliyatini nazoratga olish, DEO a'zolarini sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish, yoshlarni turli diniy oqimlar ta'siridan asrash choralarini ko‘rish;

- aholi tomorqalaridan samarali foydalanishga erishish, har bir xonadonda limonariy tashkil qilish, limon, grek yong‘og‘i kabi ko‘chatlari ekilishi, 100 boshdan tovuq parvarishlanishini yo‘lga qo‘yish,  takroriy ekinlarning ekilishini nazoratga olish;

Davlat rahbari shuningdek, har bir xonadonda echki boqishni yo‘lga qo‘yilishi hamda takroriy ekinlar masalasining dolzarbligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.        

Anjumanda viloyatni 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan maqsadli dasturlar ijrosini so‘zsiz ta'minlash, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi, viloyat daromadlar bazasining kengayishi hamda eksport salohiyati yuksalishi yuzasidan tizimli ishlarni tashkil qilish borasida tegishli tavsiyalar berildi. 

Yig‘ilish davomida tumanlarda ishtirok etayotgan vakillarning yuqoridagi masalalar bo‘yicha fikr va tavsiyalari tinglangan. 

Mavzuga oid
Top