Toshkent shahrida 12 iyun kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha kutilayotgan natijalarni oldindan tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etgan holda, barcha soha va tarmoqlarda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarga erishishni ta'minlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
O‘zA bergan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, joylardagi korxonalarning rahbarlari, jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar qatnashdi.
Yig‘ilishda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha belgilab olingan strategik vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida erishilgan ijobiy natijalar e'tirof etilib, bugungi islohotlar jarayonidagi kamchilik va muammolar, ularni hal etish yo‘llari, ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, davlat boshqaruvi organlari tizimida to‘planib qolgan muammolarni hal etish, ushbu tizimni tubdan takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha keyingi paytda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Bu borada, ayniqsa, 22 vazirlik, davlat qo‘mitasi, kompaniya, uyushma va boshqa tuzilmalar yangidan yoki qayta tashkil etilgani, Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi o‘nlab idoralar tuzilmasi o‘zgartirilib, ularning asosiy vazifa va funksiyalariga aniqliklar kiritilgani muhim amaliy qadam sifatida qayd etildi.
Prezident yig‘ilish davomida bir qator amaldorlarni tanqid qildi.
Ayni paytda mazkur o‘zgarishlar hamma sohada ham kutilgan natijalarni bermayotgani, ba'zi yangi vazirlik va idoralar o‘z faoliyatini hanuzgacha samarali yo‘lga qo‘ymagani, bu esa 2017 yil uchun belgilangan dasturlar ijrosini ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani tanqid qilindi. Jumladan, tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganiga bir necha oy o‘tganiga qaramasdan, «O‘zagroeksportbank» va «Poytaxtbank»ning muassislari tomonidan ushbu banklarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish haligacha ta'minlanmagani sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, iqtisodiyotni boshqarish sohasida eski qolipdagi, real hayotdan uzoq, yuzaki yondashuvlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bugungi shiddatli taraqqiyot hamma sohalarda vaziyatni tanqidiy baholab, ularni rivojlantirishda yangicha usul va samarali tizimlarni, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni, yuksak mas'uliyat va tashabbuskorlikni talab etishiga alohida e'tibor qaratildi.

















