Pulni naqdlashtirib olish — O‘zbekistonda plastik karta egalarining asosiy muammolaridan biri sanaladi. Buni qonuniy yo‘l bilan amalga oshirishning amalda iloji yo‘q. Aholi esa ko‘p holatlarda naqdlashtirilayotgan pulning 10 foizini xizmat haqi sifatida ushlab qoluvchi «naqdlashtiruvchilar» xizmatidan foydalanishga majbur. Mablag‘larini naqdlashtirish masalasi biznes egalarining ham oldida turgan jiddiy masala hisoblanadi, ular ham «naqdlashtirish»ning turli sxemalaridan foydalanishga majburdirlar.

UZ24 mustaqil moliyaviy ekspert Aleksandr Davletovga murojaat qilib, mamlakatda naqd pul yetishmovchiligiga o‘z ta'siri ko‘rsatayotgan sabablarni sanab o‘tishni iltimos qildi.

Talab taklifdan ortiq

Jahonning nobozor va eng yopiq iqtisodiyotlarida ham bozor qonun-qoidalari baribir o‘z so‘zini aytadi. Bizning holatimizda naqd pulga bo‘lgan talab taklifdan karrasiga ko‘proqdir, shu sababli doimiy yetishmovchilik va tanqislikka guvoh bo‘lmoqdamiz. Tanqislik bor ekanki, naqd pulning chayqov qiymati hosil bo‘ladi va bu xalqona til bilan aytganda «foiz» hosil bo‘lishiga olib keladi va iste'molchilar o‘zlariga ko‘rsatiladigan xizmat uchun haq to‘lashga majbur bo‘lishadi.

Pul-kredit siyosati

Nolinchi yillarning o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistonning pul-kredit hokimiyati inflyatsiyani bir maromda ushlab turish maqsadida pul massasining muomalaga chiqarilishini byurokratik usullarda qisqartirishga harakat qilib kelmoqda. Yopiq iqtisodiyot, masalan, Shimoliy Koreyada aylanmada naqd pulning ko‘payishi chindan ham inflyatsiyani harakatga keltiruvchi omil hisoblanadi. Biroq bozor munosabatlari yoki unga bosqichma-bosqich o‘tish sharoitlarida bu inflyatsiyaga doir muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanmaydi.

Mustaqil ekspertlarning umumiy fikricha, 2000-yillardan boshlab inflyatsiyaning bosh sababi — monopoliyalar tarifining o‘sishi yoki xarajatlarning ortishi kabi nomonetar omillar hisoblanadi. Monetar omillar ham, albatta, inflyatsiyaga ta'sir ko‘rsatadi, biroq imtiyozli kreditlash va past nobozor foiz stavkalari (amalda — manfiy stavkalar) muomaladagi naqd pullardan ko‘ra kattaroq inflyatsion bosim yuzaga keltiradi. Naqd pullar hajmini sun'iy kamaytirish siyosatidan voz kechish va kelgusida uni adekvat darajagacha o‘stirish — bugungi iqtisodiy vaziyatda Markaziy bank yangi rahbariyati uchun kun tartibining o‘ta kritik masalasi hisoblanadi.