Keyingi kunlarda elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Borovskiy nomidagi Toshkent meditsina kollejining yopilishi haqida mish-mishlar va taxminlar ilgari surilmoqda.

Ma'lumki, ushbu kollej o‘quvchisi Jasurbek Ibragimov o‘z kollejdoshi (yoki kollejdoshlari — bunisi hozircha noaniq) tomonidan yetkazilgan tan jarohatlaridan so‘ng vafot etgani haqida xabarlar tarqatilgan, poytaxtimizda esa bu voqeaning aybdorlari qonunda belgilangan adolatli jazosini olishi borasida petitsiya ham uyushtirilgan edi.

Keyinroq kollej direktori Lutfi Yusupova ham o‘z vazifasidan ozod etilgani ma'lum bo‘ldi.

Tahririyatimizga kollej o‘quvchilaridan biri — Elzara ismli qizdan murojaat kelib tushdi. Talaba qiz sevimli kollejining yopilishi mumkinligidan o‘zi va kollejdoshlari chuqur iztirobda ekanligini bayon etgan.

Kollej o‘quvchisining yurakdan yozilgan so‘zlariga e'tibor bersak, o‘quv dargohida uning yopilishi haqida gap-so‘zlar chindan ham tarqagan. Garchi hozircha mutasaddi organlar tomonidan bu borada birorta rasmiy bayonot berilmagan esa-da.

«Biz P.F.Borovskiy nomidagi meditsina kollejiga o‘qishga kirish — orzumiz amalga oshishi uchun qanchalar mehnat qildik, o‘qishga puxta tayyorlandik, bu yo‘lda qancha asablarimizni sarfladik. Imtihonlardan o‘tdik, shundan keyin ham ancha vaqt hayajonlanib yurdik va nihoyat biz kutgan shukuhli onlar keldi: «Siz o‘qishga qabul qilindingiz...»

Biz, albatta, Toshkentdagi xalqaro miqyoslarga chiqqan, talabalari har yili xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni yutib keladigan, orzularimizni ro‘yobga chiqaradigan yagona meditsina kollejining talabasi bo‘lganimizdan juda baxtli edik.

Bu yerda bir yillik o‘qish mobaynida biz ko‘plab do‘stlar orttirdik, bilimimizni mustahkamlab, tajriba to‘pladik — bularning barchasi uchun ustozlarimizga cheksiz tashakkur, endi esa kelajakka rejalar qurish bilan band edik: har birimiz yetuk vrach, o‘z ishining ustasi bo‘lib yetishishni orzu qilayotgandi.