00:18 / 25.06.2017
34685

Yaxshi niyat amalga oshdi: Muxlisaxon davolangani Hindistonga jo‘nab ketdi (video)

Amallar niyatga bog‘liq. Har ishning boshida dilda tugilgan xolis niyat shu ishning xayrli yakuniga kafolatdir. Buni hayotning o‘zi turli taqdirlarda ko‘rsatib qo‘yadi. 

Kun.uz sayti orqali Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Eshongo‘zar qo‘rg‘oni, “Do‘stlik” MFY, Navbahor ko‘chasida istiqomat qiluvchi Muxlisa Karimjonova haqida maqola e'lon qilingan edi. Muborak Ramazon oyida bu qizchaga yordam bermoqchi bo‘lgan saxovatli insonlar o‘z ko‘magini ayashmadi.

Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, Muxlisaning davolanishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ ortig‘i bilan juda qisqa muddat ichida yig‘ildi. Bu o‘zbek xalqining naqadar saxovatpesha, insonparvar va yaxshilik ilinuvchi xalq ekanligiga yana bir isbot bo‘ldi. Bugun, 24 iyun kuni Muxlisa onasi Feruza opa bilan davolanish maqsadida Hindistonga yo‘l oldi. Biz ularning taassurotlari bilan qiziqdik.

“Men xalqimdan juda ham minnatdorman”, deydi Feruza opa. - “Juda qisqa vaqt ichida qizim Muxlisaga ham ma'naviy, ham moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Minnatdorchiligimni so‘z bilan ifoda etib berolmayman. Safar oldidan niyatim bolamning operatsiyalari yaxshi o‘tsin, yorug‘ yuz bilan ona Vatanga qaytish nasib etsin”.

Ko‘tarinki kayfiyatini yashira olmayotgan Muxlisa esa yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarga o‘z rahmatini aytar ekan, jumladan, shunday dedi: “Ularga juda katta rahmat aytaman. Nimaiki yaxshi niyatlari bo‘lsa, bariga yetishib yurishsin”.

Allohning shunday va'dasi bor: bir ehtiyojmand insonga yordam qo‘lini cho‘zgan kishining ikki dunyosi saodatmand etiladi, qilgan amali ming hissa oshirilib, dargohida bitib qo‘yiladi. Bu kabi yaxshiliklarning mevasini shu dunyoning o‘zida olinishi aytilgan. Bu xayrli ishga bosh qo‘shgan barchaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yaratgandan Muxlisaxonga shifo so‘rab qolamiz.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top