Ruslarda bir serial bor: «Ulitsa razbityx fonarey». O‘zbekchaga «Chiroqlari singan ko‘cha», deb o‘girsak bo‘ladi. Juda uzun bu serialning faqat nomi yoqadi. Yaqinda shu serial nomiga mos bo‘lgan bir tadbirda qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldik. Kazo-kazo va hokazolar qatnashgan tadbirda. Qorong‘u, xuddi sham yoritib turganday romantik xonada kechdi bu tadbir. Ha, gap Xalqaro Press-klubning sportga bag‘ishlangan soni haqida ketmoqda.
XOMXAYoL
Bu tadbir nomigagina sportga bag‘ishlanishi, asosiy masala futbol haqida bo‘lishini kutgan edi ko‘pchilik. Ayniqsa Tehrondagi sharmandalikdan keyin. Lekin bu shunchaki xomxayol bo‘lib chiqdi. Millionlab odamlarning ovunchog‘iga aylangan futbolga shu kecha ot sporti, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va ayollar sporti kabi juda ko‘p mavzular orasida birrovga nazar tashlandi, xolos. Yetmaganiga, jonli efirda ketishi iddao qilingan bu «spektakl» boshlanishidan oldin qatnashuvchilarga eslatib qo‘yildiki, biz bu yerga kimnidir qoralash uchun emas, yurtimizda sportning qanchalik ravnaq topayotgani haqida gaplashish uchun yig‘ilgan ekanmiz. Bu eslatma ko‘pchilikning «tarvuzini qo‘ltig‘idan tushurib yubordi». Tadbirga Olimpiada chempionlari va sovrindorlari, taniqli sportchilar ham taklif etildi. Xuddiki, biz ularning borligini bilmaydiganday. Bir kun oldin futboldagi vaziyatning ayanchli ekani haqida gapirgan yulduzlar shu kecha umuman boshqa narsalar haqida gapirishdi. Ularni shu haqda gapirtirishdi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda ularning aybi yo‘q. Aslida bu sportchilar barchasini sport musobaqalarida isbotlab bo‘lishgan. Bu kecha boshqa narsalar isbotlanishi kerak edi ko‘m-ko‘k chiroqlar yonib turgan romantik xonada…
ShIShIRILGAN IShONCh

Tadbir tashkilotchilari uzundan-uzoq nutqlardan keyin nihoyat futbol mavzusiga o‘tishganda, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayevga o‘ziga xos tuhfa taqdim qilishdi. Ularning aytishicha, muxlislar tomonidan yuborilgan va «Ishonch» so‘zi yozilgan shar federatsiya vakiliga berildi. Emishki, shu orqali futbolchilarga muxlislarning ishonchi yetkazilibdi.

Tashkilotchilar o‘zlari bilibmi, bilmaymi zo‘r sovg‘a berishdi. Shar bu – o‘zi kichkina, lekin havo bilan to‘ldirilganda katta ko‘rinadigan narsa. O‘zbekchasiga aytsak, pufak. Ya'ni, puflangan, shishirilgan, bo‘rttirilgan. Aslida muxlislarning ham bugungi futbolimizga bo‘lgan ishonchlari mana shunday sharga o‘xshaydi. Aslida ishonch juda kichkina, lekin telekanallarda, nomi tantanavor, matbuot do‘konlarida sotilmaydigan, majburan obunachilarga tarqatiladigan gazetalarda bu ishonch shishirib ko‘rsatiladi.











