O‘zbekiston | 11:42 / 30.06.2017
29119
7 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2017: qaror bor, ammo institut ma'muriyati bundan xabardormi?

Huquqshunos Xushnud Xudayberdiyev o‘z saytida Oliy ta'lim vazirligiga qaratilgan murojaatini e'lon qilgan. Vazirlikning e'tiborini ushbu masalaga qaratish maqsadida bu murojaat o‘zgartirishlarsiz qayta nashr etiladi.

Bugun qiziq bir voqea ro‘y berdi. Erta tongda elektron pochtamni tekshirsam, qirg‘izistonlik bir fuqaro nomidan xat kelibdi. Mazkur xatdagi Sharqshunoslik instituti bilan bog‘liq masala meni ushbu maqolani yozishga undadi.

Keling bir boshidan boshlasam:

2017 yil 2 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan va bu qaror bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lgandi.

Ushbu qaror asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishda boshqa OTMlardan farqli o‘laroq, test sinovlaridan voz kechilib, shunchaki suhbat o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Endi qarorning bir jihatiga e'tibor qarataylik. Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorining 2-ilovasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ana shunday qo‘shimchalar Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 4 avgustdagi 169-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida”gi nizomiga ham kiritildi.

Xususan, Nizomning 12-bandi 1-xatboshisiga quyidagi mazmundagi jumla qo‘shildi:

«Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasida qabul qilinadi».

Iltimos, yuqoridagi jumlani yana bir qayta o‘qib chiqsangiz. Yuridik universitet degan joyi yo‘q, to‘g‘rimi? Demak, bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, bundan buyon, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar nafaqat TDYuU, balki respublikamizdagi barcha OTMlar bakalavriatiga suhbat natijasida qabul qilinadigan bo‘ldi. MDHdan boshqa mamlakat fuqarolari uchun esa OTMlarda test sinovi saqlanib qolgan.

Yanada aniqroq aytsak, o‘zgarishdan keyin Nizomning 12-bandi quyidagicha ko‘rinishga keldi:

12. Xorijiy fuqarolar oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra qabul qilinadi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasida qabul qilinadi. Xorijiy fuqarolarning test sinovi (suhbat) topshirishi uchun ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan beriladi. Test sinovlari (suhbat) natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining xorijiy fuqarolarni oliy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilish yuzasidan qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi qarori asosida oliy o‘quv yurtlari o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqaradilar.

Nima uchun ayrim OTM rahbariyati bunday qarordan bexabar?

Ana, endi asosiy masalaga keldik. Saytimda chop etilgan maqolani o‘qigach, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi Zokirjon (ismi o‘zgartildi)da O‘zbekistonda o‘qish istagi paydo bo‘ladi hamda Toshkentga keladi. Arab tili ixtisosligi bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan Zokirjon to‘g‘ri Toshkent davlat Sharqshunoslik institutiga boradi.

3.000 AQSh dollariga yaqin shartnoma pulini to‘lab o‘qishga rozi bo‘lib kelgan xorijlik fuqaroni institut rahbariyati quchoq ochib kutib olmaydi. MDH mamlakatlari fuqarolari test sinovlarisiz, faqat suhbat asosida qabul qilinishi haqidagi yangilikni-ku, qabul komissiyasidagilar umuman eshitmagan bo‘lib chiqishadi. Demak, bu degani Vazirlar Mahkamasining ta'limga oid qarorini yoki o‘qib ko‘rishmagan, yoki tushunishmagan, yoki boshqa biror sabab bor.

Jumladan, Zokirjon o‘z maktubida quyidagicha yozgan (imlo aslicha saqlandi):

Mavzuni 1- uzgarishi buyicha men kirgizston fukarosi sharkshunoslik institutiga bordim, u yerdagi xodimlarni ya'ni Kabul komissiyasini boshligidan surasam,  ular yuk bizda bunday uzgarishlar yuk bu fakat yuridik ta'limga tegishli Xushnudbek sal shoshibti dedi va sizni adashganlikda aybladi. Shunga sizdan iltimos shu konunga yoki yozgan xabarizga oydinlik kiritsangiz? men sizni xabarizzi ukib ukishga kirarkanman deb Tashkentga kelvolibman xayron bulib yuribman!

Qirg‘iziston fuqarosining xatidan skrinshot

Zokirjon bilan telefon orqali bog‘landim. Hozircha O‘zbekistonda ekan. Uning aytishicha, agar shu masala hal bo‘lsa, yana 10 nafarga yaqin qirg‘izistonlik Sharqshunoslik institutida o‘qish istagini bildirishmoqda ekan. “Sen urinib ko‘r, agar haqiqatdan suhbat asosida kira olsang, biz ham tezda yetib boramiz” deyishmoqda ekan Zohidjonga.

Tasavvur qiling-a, yiliga 30 ming AQSh dollari atrofida shartnoma to‘lashga rozi bo‘lib turgan talabalar turganda, nima uchun buni biz paysalga solishimiz kerak? Vazirlar Mahkamasining qarori ham o‘z-o‘zidan chiqmagandir? Ta'lim tizimi rahbarlari ham uzoq o‘ylab, har tomonlama hisob-kitob qilib, keyin shu yangilikni kiritishgandir axir?

Vazirlar Mahkamasi OTMlarga o‘zining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun keng imkoniyat berib, MDHdan kelgan xorijlik fuqarolarni o‘zlari belgilagan tartibda suhbat qilib olish mumkin degan yangilik kiritsayu, lekin bo‘layotgan o‘zgarishlardan quyi bo‘g‘indagilarning o‘zlari bexabar bo‘lsa.

Umid qilamanki, ushbu maqolamda keltirilgan fikrlarni to‘g‘ri tushungan holda, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi vaziyatga tez fursatda oydinlik kiritadi.

Mavzuga oid