Ayni paytda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro press-klubda O‘zbekistondagi va xorijdagi hamyurtlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda va savollarga javob bermoqda.
Jonli muloqot Abdulaziz Komilovning nutqi bilan boshlandi. Nutq matni TIV saytida keltirildi.
Qadrli yurtdoshlar,
Hurmatli video-anjuman qatnashchilari, ommaviy axoborot vositalari vakillari.
Avvalo, keng doiradagi vatandoshlarimiz bilan uchrashish imkoniyatini yaratib berganliklari uchun bugungi tadbir tashkilotchilari – Xalqaro press-klub, Milliy televideniye, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
1. O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan e'lon qilingan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da Tashqi ishlar vazirligi chet elda O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlashni o‘zining asosiy ustuvor vazifalaridan etib belgilab olgan.
Prezident Virtual qabulxonasining ishga tushishi bilan bir vaqtning o‘zida xorijda diplomatik xizmatda bo‘lgan katta tajribaga ega konsullik xodimlari va xalqaro huquqshunoslardan iborat fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining fuqarolarni qabul qilish kunlari tasdiqlandi.
Vazirlik nomiga o‘tgan yilning oktabr oyidan to bugungi kungacha bo‘lgan davrda jismoniy va yuridik shaxslardan 6,5 mingdan ziyod arizalar kelib tushdi. Ulardan 3 mingga yaqini – Prezidentning virtual qabulxonasi, qariyb 3,5 mingtasi – vazirning virtual qabulxonasi, Yagona interfaol xizmatlar portali, vazirlikning feysbuk tarmog‘idagi rasmiy sahifasi va elektron pochta orqali kelgan.
Fuqarolardan tushayotgan murojaatlarning asosiy qismida quyidagi masalalarni hal etishda ko‘maklashish so‘raladi:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolgan holatlarda vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish;
- eski namunadagi yoki haqiqiylik muddati o‘tib ketgan pasportlarni yangi biometrik pasportga almashtirish;
- chet elda vafot etgan tug‘ishganlari va yaqin qarindoshlarining o‘lim sabablarini aniqlash;

















