O‘zbekiston | 19:10 / 06.07.2017
28290
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident yosh oilalar uchun uylar qurish dasturini ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018—2021 yillarga mo‘ljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturini ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda Prezidentning 5 iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmonda belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalar «Yoshlar uyi»dan xonadon olishi mumkin bo‘ladi.

Yoshlar uylarini barpo etish dasturida barcha yirik shaharlarda – ko‘p qavatli, qishloq tumanlarida – 1—2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi nazarda tutiladi.

O‘zbekistonning tuman markazlari va shaharlarda Yoshlar tadbirkorlik klasterlari tashkil etiladi.

Foydalanilmayotgan davlat obektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi obektlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a'zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga to‘lovsiz ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda bir oy ichida dasturni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi qo‘yilgan.

Mavzuga oid